Breaking News

AQSh askarlarining Afg'onistonda qolishi hanuz mavhum


Afg’onistonda 2200 dan ziyod amerikalik askar halok bo’ldi. Shu kungacha mamlakatni barqarorlashtirish uchun AQSh yuzlab milliard dollar pul sarfladi. Shunga qaramay, vaziyat hanuz qaltis. 2014-yildan keyin bu yerda AQSh askarlarining qolish-qolmasligi masalasi haligacha aniq bo’lgani yo’q.
AQSh va Afg'oniston munosabatlari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:41 0:00
Yuklab oling
AQShning eng uzoq davom etgan urushi nihoyasiga yetmoqda. Shu yil oxirida AQSh askarlari Afg’onistonni tark etgach, 12 yillik urushga nuqta qo’yiladi.

Ammo AQSh askarlarining bir qismi mamlakatda qolishi mumkin. Ular, asosan, Afg’on harbiylarini tayyorgarlikdan o’tkazish bilan shug’ullanadi.

Prezident Jerald Ford va Jorj Bushga milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchilik qilgan general Brent Shoukroftning aytishicha, Afg’on harbiylariga nisbatan to’la ishonch hosil qilish uchun kamida 10 ming AQSh askari qolishi kerak.

“Mamlakatni butun saqlab tura oladigan afg’on harbiylarini tayyorlashda katta ijobiy o’zgarishlar bo’ldi. Ammo ular shu paytgacha AQSh maslahatchilarining yordamiga ishonib harakat qilishdi. Ularda mana shu ishonch davom etishi uchun zarur miqdorda askar qoldirish muhim”, - deydi u.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay ikki tomonlama tuzilgan xavfsizlik bitimini imzolashdan bosh tortmoqda. Uning prezidentlik muddati aprel oyida nihoyasiga yetar ekan, Obama ma’muriyati yangi rahbariyat bilan hisoblashishga majbur ko’rinadi.
Agar Karzay bitimga imzo chekmasa, AQSh barcha kuchlarini Afg’onistondan olib chiqib ketishi haqida ogohlantirgan.

AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton bunday choraga qarshi.

“Agar shunday bo’ladigan bo’lsa, Tolibon va Al-Qoida yana nazoratni qayta qo’liga olishi mumkin. Bu esa katta yo’qotish bo’ladi. Natijada Tolibon va Al-Qoida nafaqat 11-sentabr voqealaridan oldin qilib yurgan ishlarini davom ettirish uchun bazaga ega bo’ladi, balki Pokiston Toliboni kabi boshqa radikal va terror guruhlari ham ruhlanib ketadi”, - deydi Jon Bolton.

So’nggi yillarda prezident Karzay AQSh siyosatini tez-tez tanqid qilmoqda. Ko’plab tahlilchilarga ko’ra, Vashington va Kobul musobatlari ancha sovuqlashgan. Karzayning xavfsizlik bitimini imzolashdan bosh tortayotgani buning alomatlaridan biri.

Iste’fodagi general, AQSh markaziy qo’mondonligining sobiq rahbari Antoni Zinni Karzayni subutsizliksikda ayblaydi.

“U juda tez o’zgaruvchan odam. Ba’zan birga ishlashga tayyor odamdek bo’lib ko’rinsa, boshqa paytlari 180 daraja to’nini teskari kiyib oladi. U hokimiyatga kelgandan beri shu ahvol”, - deydi sobiq harbiy.

General Shoukroft ham shunday fikrda.

“Biz Karzayga ko’p ishonch bog’ladik. Ayrim holatlarda u yaxshi yordamchi bo’ldi, boshqa paytlarda esa umidlarni puchga chiqardi. Baxtga qarshi, biz uni nazorat qila olmaymiz. U aynan nimani xohlaydi, hech tushunmayman. U har doim bir nechta o’yinda o’ynayotgandek ko’rinadi. Lekin Karzay hokimiyatda ekan, u bilan hisoblashishga majburmiz”, - deydi u.

Elchi Bolton ham Karzayning o’zgaruvchan ekanini aytadi. Uning fikricha, Vashington nima uchun AQSh askarlari Afg’onistonda qolishi kerakligini Karzayga aniq tushuntirishi lozim.

“Tolibon va Al-Qoida kabi terror guruhlarini yo’q qilish Amerikaning milliy xavfsizlik manfaatlari doirasiga kiradi. Shuning uchun biz bu yerdamiz. Afg’onistonni egallab olish niyatimiz yo’q. Yoki uni Markaziy Osiyoning Shvetsariyasiga aylantirishga ham harakat qilayotganimiz yo’q. Men Afg’on xalqiga faqat yaxshilikni tilayman. Lekin biz bu yerga ularning hayotini yaxshilash uchun emas, balki amerikaliklar hayotini himoya qilish uchun kelganmiz. Agar bu yo’lda biz afg’onlarga ham yordam bera olsak, juda yaxshi. Lekin bir narsani aniqlashtirib olishimiz kerak: Karzay AQShga hujumini qancha oshirsa, bizning bu yerda qolishimizni oqlash shuncha qiyin bo’ladi”, - deydi AQShning BMTdagi sobiq elchisi Bolton.

Ammo Karzay bilan aloqalarning yomonlashuvida Vashingtonning ham aybi bor, deydi general Zinni.

“Biz tomondan ham ayrim narsalar o’tdi. 11 yil ichida 11 ta qo’mondonni almashtirdik. Bunchalik tez odam almashtirish to’g’ri emas. Karzay har xil toifadagi rahbarlar bilan ishlashga majbur bo’ldi. Elchilarimiz bilan ham shunday”, - deydi u.

General Zinniga ko’ra, dunyoning bu qismida shaxsiy munosabatlar ko’p narsani hal qiladi. Rahbarlar bunchalar tez almashar ekan, o’rtada mustahkam aloqa o’rnatish imkonsiz, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG