Donald Trampning Oq uyga kelganiga deyarli olti oy bo’ldi. Prezident shu kungacha 20 kishini elchilikka ko’rsatgan va Kongress olti nafarini tasdiqlagan. O’nlab mamlakatlarga, jumladan Fransiya, Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya va Afg’onistonga elchilar hanuz tayinlanmagan.
Yaqinda Kobulga safar qilgan bir guruh amerikalik qonunchilar Prezident Trampni zudlik bilan Afg’onistonga doimiy elchi tayinlashga chaqirdi.
Davlat kotibi Reks Tillerson darhol Afg’onistonga borsin, urushda g’alaba qilish uchun bomba tashlashning o’zi yetmaydi, deydi respublikachi senator Lindzi Grem.
“Oq uyning e’tibori harbiy masalalar, askarlar sonida”, - deydi siyosatshunos Maykl Kugelman.
“Vaholanki, Afg’onistonda jiddiy siyosiy muammolar bor, hukumat layoqatsiz. Koalitsion hukumat tepasidagi ikki asosiy shaxs bir-biri bilan kelisha olmaydi. Obama prezidentligi davrida davlat kotibi Kobulga muntazam qatnab, kelishmovchiliklarni hal qilishda vositachilik qilardi. Hozir bunday emas. Elchi tayinlanishi kerak”.
AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Afg’onistonga qachon borishi noma’lum.
“Davlat kotibi, bosh diplomatimiz - bizni dunyo bilan bog’lab turadigan shaxs. Lekin Tillerson ishini bajara olmayapti. Xorijiy davlatlarga atigi bir necha bor safar qildi. Undan ko’ra, mudofaa vaziri va boshqa rasmiylarni yaxshiroq tanishadi. Bu achinarli holat”, - deydi Kugelman.
AQSh bosh diplomati qachon Afg’onistonga boradi degan savolga Davlat departamenti shunday javob berdi: bu o’lkada Davlat departmentining yuzlab fidokor xodimlari borki, Afg’oniston hech qachon terrorchilar makoniga aylanmaydi.
Facebook Forum