Afrikaning 50 mamlakatidan rahbarlar AQSh bilan aloqalar istiqbolini muhokama qilish uchun uch kun Vashingtonda bo’ldi. Prezident Obama Osiyo ketidan bu qit’aga ham e’tiborni oshirmoqda. Ayni paytda Xitoy ham Afrika mamlakatlarini o’ziga jalb etishga harakat qilmoqda. AQSh va Xitoyning qit’a yuzasidan maqsadlari va amalga oshirayotgan ishlari o’rtasida qanday farq bor?
Obamaning Afrika bilan hamkorlikni kuchaytirish bo’yicha chaqiriqlariga “Coca Cola” kabi ulkan korporatsiyalar “labbay” deya javob bermoqda.
Kompaniya Vashingtonda o’tgan anjuman doirasida qit’ada suvni tozalash kabi loyihalarga 5 milliard dollar mablag’ ajratishini ma’lum qildi.
Xitoydan kelayotgan sarmoya miqdori ham oshib bormoqda. Ularning Afrikadagi savdo ulushi AQShnikidan ikki barobar ko’p. Ammo Pekin Afrikadagi boshqaruv va inson huquqlariga doir muammolarga e’tibor qaratmasligi tanqidlarga sabab bo’ladi.
Prezident Obama anjumanda Amerika sarmoyadorlari tomonidan Afrikaga 14 milliard dollar mablag’ kiritilishini e’lon qildi, ammo hamkorlikning ma’lum shartlari ham borligini ta’kidladi.
“Kapital masalaning bir tomoni. Taraqqiyot dasturlari va loyihalari yana bir narsa. Qonun ustuvorligi, islohotlar va yaxshi boshqaruvchi? Bularning ahamiyati yanada ko’proq, chunki odamlar pora bermasdan yoki ta’sirchan kimnidir o’rtaga qo’shmasdan o’z biznesini boshlay olishi va mahsulotlarini erkin sotish imkoniyatiga ega bo’lishi kerak”, - dedi Obama.
Vashingon anjumani katta voqea bo’ldi, ammo Xitoy Afrika yetakchlari bilan bunday tadbirlarni 14 yil oldin boshlagan.
AQSh rasmiylari Afrika ustidan Pekin va Vashington o’rtasida raqobat yo’qligini aytadi.
Tahlilchi Richard Douniga ko’ra, bu fikrda jon bor.
“Nazarimda, AQSh va Xitoy uchun Afrikada umumiy manfaatlar bor. Har ikki tomon tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik bo’lishidan manfaatdor. Chunki shundagina bozorlar o’sishi va biznes qilish uchun eng yaxshi muhit yaratilishi mumkin”, - deydi u.
Douniga ko’ra, AQSh, avvalo, muammolarni hal qilish tarafdori.
“AQSh o’tmishda, asosan, taraqqiyot dasturlariga e’tibor qaratgan. Masalan, Afrikada OITS kabi jamoatchilik uchun xatarli kasalliklarga qarshi kurashda, davomiy mojarolarga chek qo’yishda ko’p yordam bergan. Ya’ni Xitoy e’tibor qaratayotgan iqtisodiy imkoniyatlarga emas, balki muammolarga nazar tashlagan”, - deydi tadqiqotchi.
Ammo navbatdagi Vashington sammiti markaziga, asosan, iqtisodiy masalalar olib chiqildi. Qonun ustuvorligi yoki adolat mavzularida sessiyalar o’tkazilmadi. Oq uy rasmiylarining aytishicha, yetakchilar bu masalalarni o’zaro muloqotlarda ko’targan.