Breaking News

Obama Afrikaning 50 rahbarini Vashingtonga taklif etdi


4-avgust kuni Vashingtonda boshlanayotgan AQSh-Afrika sammitida 50 dan ziyod davlat rahbarlari qatnashishi kutilmoqda.

AQSh-Afrika sammiti 2014/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:37 0:00
Yuklab oling

Inson huquqlari bobida ko’p tanqidga uchragan to’rt mamlakat – Eritreya, Zimbabve, Sudan va Markaziy Afrika Respublikasidan prezidentlar taklif etilmagan.

Yig’inda iqtisodiy jihatdan o’sib borayotgan qit’a kelajagi va o’zaro hamkorlik muhokama etiladi.

Sammitning bosh mavzusi – yangi avlod uchun sarmoya. Sog’liqni saqlash, ta’lim va iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, qolaversa, gavjum mintaqani elektr energiyasi va xavfsizlik bilan ta’minlash uchun hamkorlikni qanday yo’lga qo’ygan ma’qul?

Yig’inda mana shular muhokama qilinadi, mushtarak maqsadlar belgilab olinadi.

Tinchlik va barqarorlik taraqqiyotning asosiy shartlaridan. Markaziy Afrika Respublikasi qonli mojarolar sabab gumanitar inqiroz bilan yuzlashib turibdi. Afrika sharqi va g’arbida esa Boko Xaram va al-Shabab singari radikal guruhlar bilan jang ketmoqda.

Vashingtondagi Mudofaa universitetida Afrika dasturi rahbari Josef Siglga ko’ra, urush va zo’ravonlikka nuqta qo’yishga qaratilgan tashabbuslar harbiy islohotlarni ham o’z ichiga olmog’i lozim.

“Afrikada huquq-tartibot tizimlarining professional tayyorgarligi past ekani hammaga ayon”, deydi u. “Ortiqcha kuch qo’llash, reydlar chog’ida oddiy aholiga nistaban beparvolik va o’lim hollari ko’p uchraydi. Jamiyatlarda bu norozilikni yanada kuchaytiradi”.

Lekin har bir davlatdagi ichki muammolarni hal etish, ular butun Afrika bo’ylab qanday tahdidlarga hissa qo’shayotganini aniqlash oson vazifa emas.

Sammitda iqtisodiy rishtalarga alohida e’tibor qaratiladi. AQSh-Afrika biznes forumida 400 kompaniya, jumladan “Coca-Cola” va “General Electric” korporatsiya rahbarlari yuzma-yuz ko’rishib, savdo-sotiq va sarmoyani oshirish bobida bitimlar imzolaydi.

Amaldagi qonunlarga ko’ra, Afrikaning iqtisodiy boshqaruv va inson huquqlari bobida namuna bo’la olgan davlatlari uchun AQSh bozoriga kirish osonlashtirilgan. Hozirda ular Amerikaga 27 milliard dollar miqdorida yetti ming xil mahsulot sotadi. Qonunlarni yangilab, bu ro’yxatni kengaytirish mumkin, deydi rasmiylar.

Inson huquqlari tashkilotlari konferensiyada davlat rahbarlari hamda faollar uchun alohida dasturlar tuzilganidan norozi. Afrika prezidentlari ishtirokidagi forumlarga fuqaro jamiyati taklif etilmagani afsuslanarli, deya qayd etadi “Human Rights Watch” tashkiloti.

Bu samarali boshqaruvning tarkibiy qismlari bo’lmish inson huquqlari va demokratik tamoyillarga e’tibor pastligidan darak.

“O’tgan yillar ichida Xitoy, Hindiston, Rossiya va Yaponiya mezbonlik qilgan yig’inlarda huquq masalasi ko’tarilmagan. Ammo Vashington yig’inida bu mavzularga ko’z yumilmaydi deb ishonamiz”, - deydi “Front Line Defenders” tashkilotidan Adam Shapiro.

U prezident Barak Obamadan adolatli ravishda saylangan Afrika rahbarlarini yig’inda bittama-bitta tilga olishni so’ramoqda. Masalan, Liberiya, Gana, Tanzaniya va Botsvana.

Aytish joiz, Xitoy mezbonligidagi yig’inlardan farqli o’laroq Vashingtondagi konferensiyada prezident Obamaning Afrika rahbarlari bilan yuzma-yuz uchrashishi belgilanmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG