Yosh afrikalik yetakchilar dasturi doirasida AQShga Afrikadan yuzlab yoshlar tashrif buyurgan. Ular olti hafta davomida jamoatchilik boshqaruvi hamda biznes sohalarida bilim va malaka oshirishadi. Dasturda qatnashish uchun hujjat topshirgan 50 ming yoshdan faqat bir foizi, eng saralari tanlab olingan.
Yosh afrikalik yetakchilar tashabbusi doirasida 500 afrikalik AQShdagi 20 universitetga tashrif buyurdi. Ular biznes, tadbirkorlik, boshqaruv hamda fuqaroviy yetakchilik sohalarida malaka oshiradi. Dasturga prezident Obama 2010-yilda asos solgan.
“Bu ishni boshlashdan umidim shuki, Afrikaning kelajagini siz kabi ajoyib yoshlar hal qiladi”, - degan edi AQSh davlat rahbari.
Olti hafta davomida ishtirokchilar intensiv kurslardan o’tadi.
Ular, shuningdek, AQSh kompaniyalariga tashrif buyurib, mahalliy tashkilotlarga ko’ngilli sifatida yordam beradi hamda hukumat rasmiylari bilan uchrashadi.
Kongolik Erik Ntumba Arkanzas universitetida jamoatchilik boshqaruvi bo’yicha tahsil olmoqda. U Fayetvill shahrida shahar meri bilan uchrashdi.
“Biz yuqori darajali davlat xizmatchilaridan ko’p narsa o’rganyapmiz”, - deydi u.
Dasturning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, qatnashchilar Afrikaning boshqa davlatlaridan kelgan tengdoshlari bilan ham o’zaro tajriba almashadi.
Nigeriyalik Sani Bello hamda Amina Ahmed Xovard universitetida o’tkazilgan vaqt juda samarali kechganini aytadi.
“Turli davlatlardanmiz, ammo fikrlashimiz bir xil. Mamlakatlarimizni qanday rivojlantirish mumkin? Qit’ani qanday taraqqiy ettirish kerak?”, - deydi Amina.
Amina va Sanining Vashingtondagi dasturi o’z nihoyasiga yetmoqda. Ular Xovard universitetida bir oydan ziyod malaka oshirishdi.
Bu yosh yetakchilar biznes bo’yicha bebaho bilimlarni qo’lga kiritishganini aytadi. Ayniqsa, AQShdagi ko’ngilli bo’lib yordam berish tajribasini ommalashtirmoqchimiz, deydi ular.
“Jamiyatga hissa qo’shish, xizmat ko’rsatib yetakchilik qilish kerak”, - deydi Amina.
“Yetakchilik faqat boshqarish emas, xizmat qilish hamdir”, - deydi Sani.
Nigeriyalik yoshlar o’qish bilan birga AQSh hayotini o’rganish, hordiq chiqarish imkoniga ham ega bo’lishdi.
Ayollarga nima degan bo’lardingiz, deya so’raymiz Aminadan.
“Bilim kuchdir. Ta’lim orqali siz ozodlikka chiqasiz. Ta’lim sizni qudratli qiladi”, - deya javob beradi u.
“Taraqqiy etish, ko’p jihatdan, o’zimizga bog’liq”, - qo’shimcha qiladi Sani.
Bu yoshlar katta umid va taassurotlar bilan Afrikaga qaytib ketish arafasida turibdi. Ular Afrikaning bo’lajak yulduzlaridir.