Afrikada AQSh mollarining bozori chaqqon. Amerikalik tadbirkorlar bundan foydalanib, qit’alararo tijoratni kengaytirishga harakat qilmoqda.
eBay - Kaliforniyada asoslangan yirik onlayn do’konlardan biri. Uning eksport bo’limini boshqaruvchi Tomas De Leon qo’shma loyiha ustida ishlamoqda. Nafaqat Afrika mollarini Amerikada sotishni, balki Amerika mahsulotlarini Afrikada sotishni ham yengillashtirmoqchi.
“Afrikada onlayn savdo 24 milliard dollarga teng va har yili 25 foizga o’sayapti”, - deydi De Leon.
Tijorat uchun imkoniyatlar keng, ammo to’siqlar ham oz emas. Masalan, Afrikaning ayrim qishloqlarida aniq adresning o’zi yo’q.
“Shuning uchun “Afrika savdo markazi” degan kompaniya bilan hamkorlik qilayapmiz”, - deydi eBay vakili.
Internetda xarid qilingan tovar, avvalo, Oregon shtatidagi omborxonaga, u yerdan esa Afrikadagi manzilga yetkaziladi.
Nigeriyalik amerikalik Kris Folayan “Afrika savdo markazi”ni 2011-yilda ochgan. Avvaliga maqsad Afrikadan kelgan mahsulotlarning haqiqiyligi va sifatini kafolatlash edi. Keyinchalik sayt AQShdagi do’konlar bilan shartnoma tuzib, afrikalik mijozlarga ham xizmat ko’rsata boshladi.
Har gal Nigeriyaga borganimda, deydi Folayan, o’zim bilan bir dunyo mahsulot olib ketardim.
“Nigeriyalik qarindoshlar, tanishlar narsa buyurishardi, chamadon-chamadon narsa. Demak, ular nima kerakligini aniq biladi, internetda mahsulotni topa va ko’ra oladi. Lekin ularga yetkazadigan kompaniya yo’q edi”, - deydi tadbirkor.
To’lovchi?
“Saytimiz xaridorlari uchun veb-kartochka yaratdik. O’zimiz yo’lga qo’ygan to’lov platformasi. Odamlar mahalliy valyutani ishlata oladi. Bu muhim, chunki Afrikada ko’pchilikda kredit karta yo’q”, - deydi Folayan.
Afrikada Amerika mahsulotlariga qiziqish kuchli. O’tgan bir yilda sayt eksportni ikki karra oshirdi.
Facebook Forum