Breaking News

Tramp Osiyoda erkin savdo kelishuvlarini qoraladi


Prezident Donald Trampning Xitoyga ikki kunlik tashrifi chog'ida 250 milliard dollarga teng iqtisodiy bitimlar imzolandi. Dunyoning ikki qudratli davlati Shimoliy Koreyaning yadroviy ambitsiyalariga qarshi ekanini bildirmoqda.

AQSh rahbari Osiyo bo'ylab ikki haftalik safarda. Bugun Vyetnamda APEK, Osiyo-Tinch Okeani iqtisodiy hamkorligi sammitida qatnashmoqda. Dunyo yalpi ichki mahsulotining taxminan 60 foizi shu tashkilotga a'zo 21 davlat hissasiga to'g'ri keladi.

AQSh va Xitoy rahbarlarining APEK yig'inida qilgan nutqlari bir-biridan o'ta farqli. "Amerika Birinchi" degan shior ostida Oq uyga kelgan Tramp Jahon savdo tashkilotini tanqidga oldi.

"Amerika savdo yo'lidagi to'siqlarni olib tashlasa, tariflarni pasaytirsa ham boshqalar bizga bozorini ochmadi. Erkin savdo millionlab amerikaliklarni ishidan ayirgan", - deya shikoyat qildi prezident.

"Qo'limizni bog'lab qo'yadigan, boshqalar rioya qilmaydigan yirik bitimlarga boshqa qo'shilmaymiz", - deydi u.

Donald Tramp Vyetnamdagi APEK yig'inida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan ham ko'rishgan
Donald Tramp Vyetnamdagi APEK yig'inida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan ham ko'rishgan

Tramp AQShda byudjet kamomadi o'sib borayotganida APEK yoki Xitoyni emas, balki Amerikaning avvalgi hukumatlarini aybladi. Biznes va savdoga ochiqmiz, lekin bizning shartlarimiz asosida, deydi u.

Xitoy Prezidenti Si Zinpin fikricha esa, aksincha, globalizatsiya jarayonlari davom etaveradi, ammo erkin savdo haqiqatan erkin bo'lishi, muvozanat ta'minlanishi, undan barcha foyda ko'rishi lozim.

"Ko'p tomonlama savdo kelishuvlarini qo'llab-quvvatlashimiz kerak. Ular rivojlanayotgan jamiyatlarga farovonlik olib keladi", - dedi Zinpin.

AQSh-Xitoy savdo aylanmasi 2016-yilda qariyb 650 milliard dollarni tashkil etgan, ammo foydani asosan Pekin ko'rmoqda. AQSh kamomadi 300-500 milliard dollar atrofida. O'tmishda Xitoyni g'irromlikda ayblagan Donald Tramp mezbon tomonni bu borada savolga tutgani kuzatilmadi.

Xitoy anchadan buyon Amerika kompaniyalariga bozorini ochishga va'da berib keladi. Kommunistik partiya yaqinda nizomiga o'zgartirishlar kiritib, "bozor iqtisodiyotiga yo'l ochish" rejasini ma'qulladi. Ammo ijrodan darak yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG