Breaking News

Kerri Turkiyada, suriyalik qochqinlarga yordam e'lon qildi


Amerika bosh diplomati Jon kerri Turkiyaga safari chog'ida prezident Rajap Toyib Erdog'an bilan ko'rishayapti. Taraflar "Islomiy davlat" guruhi haqida ham gaplashdi.
Amerika bosh diplomati Jon kerri Turkiyaga safari chog'ida prezident Rajap Toyib Erdog'an bilan ko'rishayapti. Taraflar "Islomiy davlat" guruhi haqida ham gaplashdi.

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri Turkiyaga borib, suriyalik qochqinlarga boshpana bergan davlatlarga salkam 500 million dollar insonparvarlik yordami e’lon qildi.

Turkiya rasmiylari bilan uchrashuvda AQSh bosh diplomati Suriya va Iroqda o’rnashib olgan jangarilarga qarshi xalqaro koalitsiya haqida ham gaplashmoqda.

Amerikaning gumanitar madadi ham Suriyaning o’zida, ham Iordaniya, Turkiya, Iroq, Livan va Misrda sarson yurgan qochqinlarga atalgan. Mablag’ning 240 million dollari Suriyaning o’zidagi qochqinlarga, jumladan, falastinliklarga yordam uchun uzatiladi.

Suriyada 2011-yilning boshidan beri tinmayotgan mojaro sababli aholining yarmidan ko’pi uyini tashlab qochgan. Ixtilof boshidan beri Amerika ajratgan gumanitar ko’mak shu tariqa 2.9 milliard dollarga yetdi. Bu kampaniya – Obama ma’muriyatining regiondagi o’lkalarni “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi birlashishga da’vatining bir qismidir.

Jangarilarni moliya manbalaridan ayirishda, “Islomiy davlat” guruhining neft eksport qilishiga yo’l qo’ymaslikda va ajnabiy jangchilar yo’lini to’sishda Turkiya hal qiluvchi rol o’ynashi aytiladi.

Jon Kerri safari paytida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho’g’li bilan alohida gaplashadi. Ikkisi payshanba kuni Jiddada arab davlatlari sammitida ham ko’rishgan edi. Yig’inda arab mamlakatlari “Islomiy davlat” guruhiga qarshi xalqaro koalitsiyaga bosh qo’shishga rozi bo’lgan edi.

Biroq Turkiya sammitda jangarilarga qarshi harbiy kampaniyaga doir qo’shma hujjatni imzolashdan bosh tortgan. Mamlakat va Suriya o’rtasida chegara uzun va yollanma jangarilar aynan shu yerdan qatnayotgani aytiladi. Turkiya mutasaddilarining so’zlariga ko’ra, oxirgi oylarda 6 mingdan oshiq ehtimoliy yollanma jangchiga viza berilmagan, mingdan ziyodi deportatsiya qilingan.

Davlat kotibi Jon Kerrining “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Anqaraning ehtiyotkor yondashuvini tushunsa bo’ladi.

Gap xususan, “Islomiy davlat” guruhi Suriyada asirda saqlayotgan turkiyalik asirlar haqida ketmoqda. Ixtilofda kurdlarning ishtiroki boshqa bir nozik masala.

Jon Kerrining aytishicha, taxminan 40 davlat xalqaro koalitsiyaga qo’shilishga rozi. Ba’zilar jangarilarni moliyadan ayirsa, boshqalar qurol-aslaha ta’minotini to’sish bilan shug’ullanadi, yana boshqa davlatlar ajnabiy jangarilarni to’xtatish uchun mas’ul bo’ladi, deydi Kerri.

Amerika diplomati Turkiyadan keyin Misrga yo’l olishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG