Demokratlardan prezidentlikka nomzod Hillari Klinton Baltimordagi tartibsizliklar xususida gapirdi. Ayrim respublikachi nomzodlar ham fikr bildirdi.
Demokratlardan hozircha yagona da'vogar Hillari Klinton Freddi Grey ismli afro-amerikalikning hibsxonada o’lishi va undan keyin boshlanib ketgan zo’ravonliklarni sharhlagan birinchi nomzod bo’ldi.
“Baltimorda ko’rganlarimiz qalbimizni qonatdi. Yigitlar va ular oila a’zolari bilan hamdardman. Amerikada irq va adolat masalasida jiddiy haqiqat bilan yuzlashmoqdamiz,” – dedi Klinton.
Chorshanba kuni Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida gapirar ekan, Klinton Baltimor AQSh jamiyatidagi chuqur ildiz otgan va hal qilinishi kerak bo’lgan muammolarni aks ettirishini aytdi. U, shuningdek, jiddiy bo’lmagan jinoyatlarni sodir etayotgan yoshlarni ommaviy ravishda hisbga olish amaliyotini bas qilish kerak, dedi. Narkomanlar hamda ruhiy kasallikka chalingan odamlar davolanishi uchun yetarli mablag’ ajratilmasligini ham tanqid qildi.
Arbob fikricha, Baltimor zo’ravonliklariga sababchi bo’lganlar jazoga tortilishi kerak.
“Zo’ravonliklar to’xtashi kerak. Ammo hammamiz bir narsani esda tutaylik: qonunlar hurmat qilinsa, jamiyatning har bir a’zosi esa qonun tomonidan hurmat qilinsa, bundan barchamiz foyda ko’ramiz”.
Klinton sharhi Prezident Barak Obamaning Oq uy matbuot anjumanida bildirgan fikri bilan hamohang.
Obama Baltimor mojarosiga turtki bergan chuqur ijtimoiy muammolarga e’tibor qaratib, ayni vaqtda vaziyatdan foydalanmoqchi bo’lanlarni qoraladi.
Prezident, shuningdek, yosh qora tanli yigitlar va politsiya o’rtasida so’nggi paytlarda ko’paygan to’qnashuvlar natijasida odamlar o’lganini alohida tilga olib, bu asta-sekin avj olayotgan inqiroz alomatlari, dedi.
Respublikachi nomzodlar ham masala yuzasidan fikr bildirdi. Florida gubernatori Jeb Bush nazarida Baltimor voqealari qonun ustuvorligini ta’minlash zaruratini namoyish qildi.
Texasdan senator Ted Kruz Freddi Grey ishi obdon va xolisona o’rganilishi kerak, deb zo’ravonlik va talon-taroj ortidagi odamlarni qoraladi.