Marshal Fondi deb nomlangan tadqiqot markaziga ko’ra, 2004-yildan buyon Rossiya kamida 27 davlatdagi saylovga yoki siyosiy jarayonlarga aralashgan. Facebook, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda soxta xabarlar tarqatish, kiber hujumlar uyushtirish uning ishi, deyiladi tahlilnomada. AQSh Xelsinki komissiyasi majlisida shu haqda gap bordi.
Rossiya o’tgan yili AQSh prezidentlik sayloviga aralashganiga hech kim shubha qilmaydi.
Kongressda o’tgan tinglovda qonunchilar va ularning savollariga javob bergan ekspertlar buni tasdiqladi. AQSh hukumati, deydi ular, demokratiyani himoya qilish uchun dadil qadamlar tashlashi kerak.
“G’arbdagi saylovlarga burun suqish orqali Rossiya qo’rquv va nizo qo’zg’ashni, NATO va Yevropa Ittifoqi singari tashkilotlarni zaiflashtirishni ko’zlaydi. Uning asosiy maqsadi G’arb boshchiligidagi qonunlarga tayangan tizimni avtoritar sistemaga o’zgartirish”, - deydi senator Kori Gardner.
Uning aytishicha, Rossiya Qrimni o’zlashtirib oldi, saylovlar natijasiga ta’sir qilishga harakat qildi. G’arb esa bunga munosib javob bergani yo’q. Bu Prezident Vladimir Putinni yanada ruhlantirgan bo’lsa ajab emas.
Kommunikatsiya bo’yicha ekspert Molli Makkyu deydiki, Rossiya ijtimoiy tarmoqlarda saylovchilarni nishonga olishni biladi.
Aksar amerikaliklar dezinformatsion kampaniya ular fikrini o’zgartira olishiga ishonmaydi. Lekin, deydi Makkyu, Kreml muayyan nomzodga yon bosib, ovoz to’plash uchun marketing va psixologik metodlardan foydalanadi. Saylov paytida Facebookda siyosiy reklamalar sotib olingani bunga bir misol.
“Ijtimoiy tarmoqlardan qurol sifatida foydalanish qanchalik oson ekanini Kremlning o’zi ham kutmagan bo’lsa kerak”, - deydi mutaxassis.
“Amerika Ovozi” va “Ozodlik” kabi axborot vositalarini boshqaruvchi AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi (BBG) rahbari Jon Lansing ham tinglovda qatnashdi. Qo’shma Shtatlar, deydi u, xolis va haqqoniy ma’lumot tarqatish orqali dezinformatsiyaga qarshi kurashmoqda. “Nastoyashee Vremya” kabi dasturlar orqali.
“AQSh propagandaga qo’l urmaydi. Iznimizdagi axborot vositalari mustaqil faoliyat olib boradi, qonun shuni talab qiladi. Hukumat bizning ishimizga aralashmaydi”, - deydi Lansing.
24-sentabr kuni Germaniyada saylovlar. Ekspertlarga ko’ra, Germaniya 2015-yilgi xakerlik hujumlaridan saboq olib, Rossiyadan keladigan information xurujlarga kuchli tayyorgarlik ko’rib qo’ygan.
Facebook Forum