AQSh qo’shinlari Iroqni, ikki davlat o’rtasidagi kelishuvlarga binoan shu yil oxirida tark etadi. Vitse-prezidenti Jo Bayden bu haqda Bag’dodga safari chog’ida bayon qilgan.
Iroq o’tgan oy vanihoyat koalitsion hukumat tuzib, siyosiy inqirozdan chiqib oldi.
Parlament saylovlaridan keyin 10 oy davom etgan mavhumlik sabab, Amerika qo’shinlari bu davlatni qachon tark etishi yuzasidan muhokamalar ham to’xtab qolgan edi.
Vitse-prezident Jo Bayden Bag’dodda Bosh vazir Nuri al-Malikiy va boshqa rahbarlar bilan uchrashib, yangi hukumatni qutlagan.
“Mamlakat sekin-asta oyoqqa turmoqda, bu butun Yaqin Sharq mintaqasiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi”, - deydi u.
Qo’shma Shtatlar Iroqda jangovar operatiyalarni o’tgan yili yozda yakunlagan edi. 2011 yilning dekabrigacha mamlakatni butunlay tark etishi kerak.
Bayden deydiki, Iroq politsiyasi va xavfsizlik kuchlari malakasini oshirish hamon AQSh zimmasida.
“Ularni 2011 yildan keyingi davrda ham qo’llab-quvvatlaymiz, texnik va boshqa turdagi yordam ajratamiz”.
Biroq koalitsion hukumatdan joy olgan sadrchilar harakati bunday tashabbuslarni yoqlamaydi.
Radikal shialar rahbari Muqtada al-Sadr o’tgan hafta Erondan vatanga qaytdi. Najaf shahrida tarafdorlariga ilk murojaatida al-Sadr “bitta ham amerikalik askar mamlakatda qolmasin”, degan talab qo’ygan.
2003 yildan beri Iroqda qariyb 4,5 ming amerikalik askar halok bo’lgan. Urushda jarohat olib, mayib-majruh bo’lib qaytganlar 32 mingni tashkil etadi.
Jo Bayden Bag’doddagi harbiy bazada zobitlar bilan uchrashib, shijoat va xizmati uchun minnatdorchilik bildirgan. Hozir Iroqda Amerikaning chamasi 50 ming askari qolgan.