Breaking News

Ittifoqchilar: Suriyaga 100 dan ortiq bomba yog'dirildi


AQSh, Britaniya va Fransiya birgalikda qilgan havo hujumlarida Suriyaning harbiy-strategik inshootlari vayron qilingan
AQSh, Britaniya va Fransiya birgalikda qilgan havo hujumlarida Suriyaning harbiy-strategik inshootlari vayron qilingan

AQSh Prezidenti Donald Tramp Suriyaga qarshi amaliyotga qo'shilgani uchun Fransiya va Britaniyani olqishladi.

"O'tgan kechasi mukammal amalga oshirilgan hujum bo'ldi, - deb yozdi Tramp "Twitter" orqali. - Ajoyib harbiy kuchini ko'rsatgani va aqli rasolik ko'rsatgani uchun Fransiya hamda Birlashgan Qirollikka tashakkur. Bundan yaxshiroq bo'lishi muminmas. Missiya bajarildi".

Samolyot va dengizdagi kemalardan Suriyaning kimyoviy qurollar saqlangani aytilgan uch manziliga masofadan boshqariluvchi raketalar yog'dirilgan. Maqsad Damashq yaqinidagi Duma shahrida yuz bergan kimyoviy hujum uchun mas'ul Assad rejimini jazolash, deydi g'arblik ittifoqchilar.

Shanba kuni telekanal orqali murojaat qilgan Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey hujumlardan maqsad rejimni o'zgartirish emas, aksincha, Assad hukumatining kimyoviy qurollar qo'llash imkoniyatini to'xtatish va kamaytirishdir, dedi.

Parijda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham bayonot berdi.

"Kimyoviy qurollarni ishlatish odatiy holga aylanishini qabul qila olmaymiz. Suriya rejimining mas'ulligi va bunga oid faktlar bo'yicha shubha yo'q", - dedi u.

AQSh, Fransiya va Britaniya kuchlari hamkorlikda amalga oshirilgan raketa hujumlari Vashington vaqti bilan juma kuni kechki soat 9 da boshlangan. Poytaxt Damashq va Hims shaharlaridagi manzillarga 100 dan ortiq bomba tashlangan.

"Hozircha bu bir martalik zarba", - dedi AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis. Unga ko'ra, bunday hujumlar yana amalga oshirilishi ehtimoli yo'q emas.

TOMOSHA QILING: AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis Suriyaga qilingan hujum haqida (Ingliz tilida)

U.S. Defense Secretary Mattis Briefs Reporters in Syria Strikes
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:52 0:00

Vashington, London hamda Parij o'zaro maslahatlashuv o'tkazganidan so'ng hamda harbiy va razvedka rasmiylari Dumada o'tgan hafta yuz bergan kimyoviy hujumda Assad rejimining qo'li borligi haqida xulosa berishi ortidan Suriyaga hujum boshlash haqida qaror berilgan. Damashq yaqinida taqiqlangan gaz ishlatilishi natijasida 7-aprel kuni kamida 40 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo'lgan edi.

Gazdan zaharlangan bola, Duma, Suriya, 8-aprel, 2018-yil.
Gazdan zaharlangan bola, Duma, Suriya, 8-aprel, 2018-yil.

​Xalqaro hamjamiyat munosabati

Voqeani kuzatayotgan xalqaro hamjamiyat vakillarining aksariyati Suriyaga uyushtirilgan hujumni qo'llab-quvvatlamoqda.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi hujumni olqishlab bayonot chiqardi.

"Biz rejim tomonidan amalga oshirilgani katta ehtimol bilan aytilayotgan Duma xuruji ortidan insoniyat vijdoniga biroz taskin beradigan bu amaliyotni olqishlaymiz", - deyiladi bayonotda.

Yaponiya ham AQSh va uning ittifoqchlari qarorini ma'qulladi.

"Yaponiya hukumati kimyoviy qurollar tarqalishi va qo'llanishiga yo'l qo'ymaslik bo'yicha AQSh, Britaniya va Fransiya qarorini qo'llab-quvvatlaydi. Bu ish kelajakda vaziyat yanada yomonlashishining oldini olishga qaratilganini tushunamiz", - dedi Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe.

Kanada Bosh vaziri Jastin Trudo uning mamlakati "Assad rejimining o'z xalqiga qarshi kimyoviy qurollarni qo'llash salohyatini cheklash"ga qaratilgan harakatni qo'llashini aytdi.

Suriya va Rossiya hujumlarni qoraladi

Suriya Tashqi ishlar vazirligi shanba kuni bayonot chiqarib, Damashq G'arb kuchlari amalga oshirgan amaliyotni "eng kuchli ohangda" qoralashini e'lon qildi.

"Suriyaga qarshi Amerika-Britaniya-Fransiya agressiyasi xalqaro huquqni oshkora poymol qiladi", - deyiladi bayonotda.

Suriya askarlari Damashq ko'chalarida AQShga qarshi namoyish o'tkazmoqda, 14-aprel, 2018-yil.
Suriya askarlari Damashq ko'chalarida AQShga qarshi namoyish o'tkazmoqda, 14-aprel, 2018-yil.

Shanba kuni yuzlab suriyaliklar poyaxt Damashq ko'chalariga chiqib, AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi namoyish uyushtirdi. Ularning ayrimlari "Bashar, biz sening askarlaringmiz", - deya qichqirgan.

Suriyaning eng yaqin ittifoqchisi Rossiya ham hujumlarni keskin qoraladi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko'ra, Suriya hukumatining mudofaa tizimi raketalarning aksariyatini urib tushirgan.

O'z navbatida Damashqning yana bir ittifoqchisi bo'lgan Eron hukumati AQSh, Fransiya va Britaniya hujumlar orqali Suriyada "hech narsaga erisha olmasligini" aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG