Breaking News

AQSh byudjetida tashqi siyosat uchun mablag' oshirildi


O'tgan hafta AQSh Kongressi bayram ta'tiliga chiqish oldidan davlat byudjetini qabul qildi. Ulkan sarf-xarajatlar hujjatida tashqi yordam dasturlari ham o'rin olgan. Terrorizmga qarshi kurash, Yaqin Sharqda beqarorlikni kamaytirish, xorijdagi Amerika diplomatlari va vakolatxonalarini himoya qilish hamda gumanitar dasrurlar uchun yordam hajmi oshirilgan.

Tashqi amaliyotlar uchun ajratilgan mablag' kelasi yil uchun qariyb 3,5 milliard dollarga oshib, jami 53 milliardni tashkil etgan.

Terrorizmga qarshi kurash

Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashni moliyalash uchun Tashqi amaliyotlar fondi tashkil etilgan. Taraqqiyot va gumanitar dasturlari ham shu mablag'dan moliyalanadi. Soha mutaxassislarining tashvish bildirishicha, hozir bu fond mablag'i oshirilgan bo'lsa ham, kelajakda, agar terrorizmga qarshi kurash susayib, ajratiladigan mablag' hajmi kamaysa, gumanitar dasturlar ham zarar ko'rishi mumkin.

2012-yil Liviyaning Bing'ozi shahrida Amerika diplomati o'ldirilishi natijasida diplomat va konsulliklarni himoya qilish uchun ham mablag' miqdori oshirilgan.

Isroil, Iordaniya va Ukrainaga yordam hajmi oshirildi

Yangi byudjetda Isroil, Iordaniya va Ukraina kabi AQShning yaqin ittifoqchilariga moliyaviy yordam miqdori oshirilgan. Ukrainaga 658 million dollar ajratilgan. Bu Obama so'ragan miqdordan 145 million dollarga ko'p. Iordaniyaga 1,2 milliard, Tunisiyaga 141,9 million dollar berilgan. Yana boshqa davlatlarga jami 24 milliard dollar ajratilgan.

Qochoqlar uchun yordam

2016-yil qochoqlarga ajratilgan yordam miqdori 2015-yil bilan bir xil. Agar bu borada yangi gumanitar inqiroz yuz bersa, mablag' ko'paytirilishi qayd etilgan. Shuningdek, tabiiy ofatlardan hamda Ukraina va Suriyadagi kabi mojarolardan aziyat chekkanlar uchun 2,8 mlrd. dollarlik qo'shimcha dastur e'lon qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG