G’arbiy Afrikada ebolaga qarshi kurashda yutuqlarga erishildi, ammo qilinadigan ishlar hali ko’p. Bu haqda AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi rahbari doktor Tim Friden Vashingtonda hisobot berdi.
“Bu epidemiya juda dahshatli va nihoyatda noyob. Ebola birinchi bor jahon miqyosida tarqaldi. U davlat tizimlari uchun sinov bo’ldi va bizga qanday choralar ko’rishimiz kerakligini namoyish qildi”, - deydi doktor Friden.
13-yanvar kuni Kapitoliyda hisobot bergan doktor Fridenning ta’kidlashicha, agar mamlakatlar tayyor bo’lganida, qariyb bir yil avval Gvineyada boshlangan epidemiya boshqa o’lkalarga tarqalishining oldini olish mumkin edi.
“Agar bundan bir yil muqaddam kasallik tarqalgan mintaqada kuzatish tizimi mavjud bo’lganida, ebolaga javob berish tezroq kechardi va epidemiya ko’plab hayotlarni olib ketmasidan oldin tezda to’xtatilgan bo’lardi”, - deydi u.
So’nggi haftalarda Liberiya va Syerra Leoneda kuniga uch-to’rt odam kasallikka chalinmoqda. Vaholanki, bir necha hafta oldin har kuni 30-40 yangi bemor qayd etilar edi. Ammo epidemiya tarqalgan mamlakatlar, xususan, Gvineya kasallikni hali to’liq yengganicha yo’q, deydi doktor.
“Gvineya ikki marta kasallik ustidan to’la nazoratni o’rnatishi mumkin edi, ammo choralarni bo’shashtirib, yana imkoniyatni boy berdi va epidemiya qaytalandi. Shuning uchun ham har bir bemorni davolab, kuzatib, kasallikni yo’q qilish ulkan ahamiyatga ega”, - deydi mutaxassis.
Rasmiyga ko’ra, g’arbiy Afrikada ebolaga chalingan bir dona bemor bo’lsa ham, epidemiyaning boshqa mamlakatlarga tarqalishi xavfi yo’q bo’lmaydi.
AQSh Kongressining global salomatlik masalasiga bag’ishlangan kengashi rahbari Betti Makkollum ebolaga qarshi choralar birinchi navbatda kasallikning oldini olishga qaratilishi kerak, deydi.
“Xalqaro miqyosda birga ishlashimiz va kasallikni nazorat qilish tizimini barpo etishimiz kerak. Epidemiya paytida yoki undan keyin emas, undan oldingi vaziyatni nazorat qilish zarur. Chunki dunyo mamlakatlari bir-biriga bog’liq”, - deydi u.
Vakillar palatasining Afrika, global salomatlik va global inson huquqlari bo’yicha Tashqi ishlar qo’mitasidan demokrat Karen Baasning aytishicha, mabtuotda keng yoritilmayotgan bo’lsa ham, ebola epidemiyasi hanuz davom etmoqda.
“Biz ebolaning AQShda katta inqirozga aylangani guvohi bo’ldik. Har bir masala kabi bu ham matbuotda keng yoritilmay qolsa, bu inqirozga chek qo’yilganini anglatmaydi. Vaziyat yaxshilanayotganini ham anglatmaydi”, - deydi u.
Epidemiya boshlanganidan buyon Gvineya, Liberiya va Syerra Leoneda 21 mindan ortiq odam ebolaga chalindi. Ulardan 8371 nafari nobud bo’ldi.