AQSh va Xitoy koronavirus tarqalishida bir-birini ayblar ekan, shundoq ham savdo urushi tufayli yomonlashgan munosabatlar yanada salbiy tus olmoqda. Prezident Donald Tramp matbuot anjumanlarida “Xitoy virusi” degan iborani qo’llashda davom etayapti.
Xitoy koronavirusning o’z aholisi orasida tarqalishini kamaytirishga erishgan bir paytda Tramp ma’muriyati Pekinni virusni dunyo hamjamiyatidan yashirganlikda ayblamoqda. Xitoy, deydi rasmiylar, boshqa mamlakatlarni ertaroq ogohlantirishi kerak edi.
Dunyo tahdid haqida darhol bilishi lozim edi, deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.
“Shaffoflik, ma’lumot almashish siyosiy o’yin emas”, - deydi u.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti virus chegara tanlamasligini eslatmoqda. Biroq Tramp va Pompeo uni “Xitoy virusi” deb ta’riflashda davom etyapti.
“Bu irqchilik emas. Virus Xitoydan keldi. Ochig’ini aytish kerak”, - deydi AQSh rahbari.
Tramp bu atamani Xitoy propagandasiga javob tariqasida qo’llayotganini ham aytdi. Pekin virus AQSh armiyasi tomonidan Xitoyning Uxan shahriga olib kelinganini da’vo qilgan.
Tahlilchi Robert Deylining aytishicha, ikki mamlakat pandemiyaga qarshi birgalikda kurashish o’rniga bir-birini ayblash, virusga qanday nom berish ustida janjallashish bilan band.
“Bachkanalikni bas qilib, hukumatlar o’z xalqlariga g’amxo’rlik qilsin”, - deydi u.
Pekin “Xitoy virusi” degan atama qo’llanayotganidan qattiq norozi. Virusni yashirganini ham inkor etadi.
“AQShni xatolarini zudlik bilan tuzatishga, asossiz ayblovlarni bas qilishga chaqiramiz”, - deydi Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jen Shuan.
Savdo urushi tufayli taranglashgan munosabatlar endi koronavirus sabab yanada salbiy tus olmoqda.
“Bu Pekin va Vashingtonning bir necha yildan beri davom etayotgan raqiblik ruhidagi aloqalari mahsuli”, - deydi Robert Deyli.
AQSh koronavirusga da’vo qidirayotgan bir paytda, bunday raqobat yangi muammolarga yo’l ochishi mumkin.
“Dorini AQShda ishlab chiqarishni xohlasak ham, buning uchun zarur texnologiyalarimiz bo’lsa ham, dorining tarkibiy qismlari, kimyoviy moddalar 100 foiz Xitoydan keladi”, - deydi farmakolog Deyvid Gortler.
Oy boshida AQSh mamlakatda xitoylik jurnalistlar soni kamaytirilishini e’lon qildi. Pekin ham bunga javoban o’nlab amerikalik muxbirlarni Xitoydan chiqarib yubordi.
Facebook Forum