Breaking News

AQSh va Xitoy inson huquqlari bo'yicha yillik muloqot o'tkazmoqda


Xitoy vakillari bilan muloqotni AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Maykl Pozner olib bormoqda.
Xitoy vakillari bilan muloqotni AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Maykl Pozner olib bormoqda.
Vashingtonda AQSh va Xitoy rasmiylarining inson huquqlari doirasidagi an’anaviy yillik muloqoti o’tmoqda. Ikki kunlik yig’inda AQSh davlat kotibi o’rinbosari Maykl Pozner va Xitoy Tashqi ishlar vazirligidan rasmiy Chen Xyu ishtirok etmoqda. Huquq faollari rasmiy Vashingtonni bu masalada Pekinga ko’proq bosim o’tkazishga chaqirmoqda.

AQSh-Xitoy aloqalarini yaxshilashga qaratilgan ushbu muloqot 17-bor o’tkazilmoqda. Ammo ayrim kuzatuvchilar fikricha, yig’inlardan kutilgan samara yo’q.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti vakili Sofiya Richardsonning aytishicha, Pekin bunday muloqot orqali inson huquqlari masalasida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilayotganini ko’rsatmoqchi, ammo bundan boshqa jiddiy ishga qo’l urmayapti.

“Ushbu muloqot Xitoy uchun inson huquqlari masalasida xalqaro hamjamiyat so’zlariga quloq solayotganini ko’rsatish uchun kerak, xolos. Bundan boshqa hech bir joyda Pekin inson huqulari masalasida gap ochishni istamaydi”, deydi huquq faoli.

Shu yil so’ngida Xitoy Kommunistik partiyasida rahbariyat almashishi kutilmoqda. “Human Rights Watch” AQShni Pekinga qattiqroq bosim ko’rsatishga chaqirmoqda.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nulandning aytishicha, Vashington Pekinga doim inson huquqlari masalasidagi majburiyatlarini eslatib keladi.

“Prezidentlar, vazirlar yoki mana shunday ishchi guruhlar uchrashuvi darajasida bo’ladimi, biz doim Xitoyni nafaqat ayrim holatlar bo’yicha, balki umuman, barcha uchun, xususan, Tibet uchun adolatli bo’lishga da’vat etamiz”, deydi Amerika rasmiysi.

Xitoy AQShning inson huquqlari borasidagi ayblovlarini inkor etadi. Ammo rasmiy Pekinning Vashington bilan bu masalada muloqot olib borayotgani ikki tomonlama aloqalarning rivojlanayotganidan dalolatdir, deydi Nuland.



Ikki kunlik yig’inda xitoylik ko’zi ojiz huquq faoli Chen Guanchen masalasi ham ko’tarilishi kutilmoqda. Shu yil boshida Xitoydagi uy qamog’idan qochgan faol hozir AQShda huquqshunoslik bo’yicha tahsil olmoqda.

Chen muloqot oldidan shu hafta e’lon qilgan bayonotida Xitoydagi oila a’zolariga bosim ko’rsatilayotganidan xavotirda ekanini aytgan.

Ayni paytda yillik muloqot xavfsizlik masalalari bo’yicha AQSh va Xitoy o’rtasida davom etayotgan muzokaralar bilan bir paytga to’g’ri kelmoqda. Seshanba kuni prezident Barak Obamaning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Tomas Donilon Pekinda Xitoy rasmiylari bilan Yaqin Sharq va Osiyodagi xavfsizlik borasida fikr almashgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG