Breaking News

BMT Kubaga qo'yilgan embargoni bekor qilish bo'yicha hujjat qabul qildi


BMTga a'zo davlatlar vakillari Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodrigez Parrillani (markazda) BMT Bosh Assambleyasi qabul qilgan rezolyutsiya bilan tabriklamoqda, 27-oktabr, 2015-yil.
BMTga a'zo davlatlar vakillari Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodrigez Parrillani (markazda) BMT Bosh Assambleyasi qabul qilgan rezolyutsiya bilan tabriklamoqda, 27-oktabr, 2015-yil.

Xalqaro hamjamiyat AQShdan Kubaga qo’yilgan 56 yillik iqtisodiy, savdo va moliyaviy embargoni bekor qilishni so’ramoqda. BMT Bosh Assambleyasining 191 a’zosi shuni yoqlab ovoz bergan. Faqat AQSh va Isroil rezolyutsiyaga qarshi chiqqan.

Shu masala ovozga qo’yilgan oxirgi 24 yilda dunyo hamjamiyati ilk bor bu qadar yakdil bo’lishi. Qo’shni davlatni yarim asrdan ziyod iqtisodiy jazolab kelgan Vashington xalqaro tashkilotning keskin tanqidiga uchradi.

“Bu bir davlatga nisbatan eng uzoq davom etgan og’ir, adolatsiz va bir taraflama jazo tizimidir”, - dedi 77 rivojlanayotgan davlat va Xitoy nomidan gapirgan Janubiy Afrika vakili Kingsli Mamabolo.

“Bizning fikrimizcha, Kubaga joriy etilgan iqtisodiy, savdo va moliyaviy blokada BMT xartiyasi va xalqaro qonunlar ruhi, maqsadi va tamoyillariga ziddir”, - dedi Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari nomidan gapirgan elchi Diego Morexon.

O’z navbatida, Qo’shilmaslik harakati nomidan Eron elchisi G'ulom Xushro’ embargodan Kuba xalqi aziyat chekayotganini ta’kidladi.

“U iqtisodiyotning barcha muhim jabhalari, jumladan, jamoat sog’lig’i, oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi, bank, savdo, sarmoya va turizm sohalariga ta’sir qiladi”, - dedi u.

Yevropa Ittifoqi vakili, Lyuksemburg elchisi Silvie Lukas Vashington va Gavana o’rtasida diplomatik aloqalar tiklanganini olqishladi, ammo iqtisodiy jazo choralari hozirgi ijobiy o’zgarishlar davom etishiga to’g’anoq bo’layotganini tilga oldi.

O’tgan yili dekabr oyida AQSh Prezidenti Barak Obama Kuba bilan diplomatik aloqalarni to’liq qayta tiklashni buyurgan edi. U orol davlatga sayohat qilish bo’yicha qo’yilgan ayrim cheklovlarni ham bekor qilgan, ammo 56 yillik embargo faqat Kongress ruxsati bilangina to'xtatilishi mumkin.

Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodrigez Parrilla ham AQShni jazo choralarini bekor qilishga chaqirib, bu AQSh milliy manfaatlariga ham mos ekanini aytdi.

“AQSh Kongressi samarasiz, shafqatsiz va adolatsiz siyosatni o’zgartirib, o'z fuqarolari qadriyatlari va istaklariga quloq tutadi, deb umid qilamiz”, - dedi u.

AQSh elchisi Ron Godardning Assambleyaga aytishicha, AQSh dekabrdan beri aloqalarni yaxshilash bo’yicha tarixiy choralarga qo’l urdi, ammo Bosh Assambleyaning bunday qaror qabul qilishi vaziyatni yanada yaxshilashga xizmat qilmaydi.

“Kuba yoki AQSh o’tmishni bir kunda esdan chiqarishini kutmaymiz, - dedi Godard. – Ikki tomonlama aloqalarni to’liq tiklash har ikki tomondan uzoq yillik sabr va mehnat talab qiladi”.

AQSh rasmiysining aytishicha, tomonlar ayni paytda hamkorlikni kengaytirish bo’yicha muzokara olib bormoqda. Muloqotlarda huquq-tartibot o’rnatish, giyohvandlikka qarshi kurash hamda inson huquqlari va iqlim o’zgarishi kabi sohalar qamrab olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG