Breaking News

AQSh kiberxavfsizlikni kuchaytiradi


AQShda chiqqan yangi hisobotga ko’ra, xakerlar mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy tahdid bo’lib, aksariyat kiberxurujlar ortida Xitoy turibdi.

Hisobot maxfiy, ammo rasmiylar uning ayrim tomonlarini matbuotga oshkor qilgan. Unga ko’ra, xakerlar Amerikaning energetika, moliya, axborot texnologiyalari, fazo va avtomobil sohalarini nishonga olmoqda. Natijada, deyiladi hujjatda, Qo’shma Shtatlar iqtisodiyoti yiliga o’nlab milliard dollar zarar ko’rmoqda.

Biroq ayrim kompaniyalar xakerlar xurujiga uchraganini ovoza qilishni istamasligini hisobga olganda, haqiqiy zarar ko’lami bundanda katta bo’lishi aytilmoqda.

Tahlilchi Bred Glossermanning aytishicha, kiberxurujlar kuchaymoqda.

"Ular har xil joylardan amalga oshirilmoqda. Moliya tizimi yaxshi himoyalanmagan. Ayrimlar bu mavzuda og’iz ochishni istamaydi. Chunki kiberxurujga uchraganidan xabari yo’q yoki shunchaki zaifligini bildirgisi kelmaydi", - deydi ekspert.

Oq uy bunga qarshi choralar xususida o’ylanmoqda. Savdo va viza cheklovlari shular jumlasidan. “Vashington Post” gazetasiga ko’ra, prezident Barak Obama shu hafta kiberxavfsizlikka doir farmon chiqarishi kutilmoqda.

Gazetada aytilishicha, Rossiya, Isroil va Fransiya kabi davlatlar iqtisodiy josuslikda kiberxurujlardan keng foydalanadi. Yaqinda xitoylik xakerlar “Vashington Post”, “Uoll Strit Jornal” va “Nyu-York Tayms” nashrlarining internetdagi sahifalari tizimiga kirishga muvaffaq bo’ldi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi hukumatning bunga aloqasi yo’q deya, o’ziga qarshi ayblovlarni asossiz, deydi.

Tahlilchi Danken Klark fikricha, AQSh bilan raqobat Xitoyni iqtisodiy josuslikka majburlamoqda.

AQSh hukumatining 2011-yilda Kongressga bergan hisobotidan ma’lum bo’lishicha, kiberxurujlar savdoga doir sirlar hamda texnologik ma’lumotlarni Amerika kompaniyalari, tadqiqot institutlari va razvedkasidan o’g’irlash maqsadida qilinadi. Xitoy va Rossiya eng yirik kiberjosuslar ekani tilga olingan edi o’shanda.

Mudofaa vaziri Leon Panettaning ma’lum qilishicha, Pentagon kiberxavfsizlikka uch milliard dollar sarflamoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG