Breaking News

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygl Moskvani ogohlantirdi


Amerika mudofaa vaziri Chak Xeygl Bryusselda NATO mudofaa vazirlari anjumanida.
Amerika mudofaa vaziri Chak Xeygl Bryusselda NATO mudofaa vazirlari anjumanida.
Rossiya harbiy havo kuchlari Ukraina bilan chegarada mashqlar o’tkazmoqda. Ko’kda jangovar samolyotlarni ko’rish mumkin, deya xabar beradi “Interfaks” axborot agentligi.

Pentagon rahbari Chak Xeygl Moskvani Ukraina borasida ehtiyot bo’lishga undadi.

Amerika Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qiladi, deydi Xeygl. NATO davlatlari bu borada mushtarak. Boshqa mamlakatlarni ham Ukrainaning suverenitetini e’zozlashga, provokatsiyadan tiyilishga chaqiramiz, deydi u.

Xeygl Rossiyaning harbiy mashqlarini diqqat bilan kuzatar ekan, bu notinch pallada qaltis harakatlar qilmaslikka da’vat etdi.

Ukrainadan qochishga majbur bo’lgan prezident Viktor Yanukovich esa o’zini hali ham davlat rahbari deb biladi. U Rossiyadan himoya so’rayapti.

Qayerda ekani noma’lum qolayotgan Yanukovich bugun rus axborot agentliklariga bayonot tarqatgan. Ukraina parlamenti shanba kuni uni ishdan olib, 25-mayga muddatidan oldin prezident saylovlarini belgilagan edi. Shundan beri Yanukovich ommaga ko’rinish bermagan.

Bu orada, Qrim poytaxti Simferopolda hukumat binosi Kremlga xayrixoh qurollangan kishilar qo’lida ekan, vaqtli prezident Oleksandr Turchinov rus qo’shinlarini aralashmaslik haqida ogohlantirmoqda. Rossiya askarlari Qrimga qadam bosgan taqdirda, buni harbiy tajovuz deya baholaymiz, deydi Ukraina muvaqqat prezidenti. Ruslarning Qora dengiz floti Qrimning Sevastopol shahrida joylashgan.

Kecha, shuningdek, Ukraina vaqtli rahbarlari muxolifat yetakchisi Arseniy Yatsenyukni yangi bosh vazir etib tanladi. Parlament uning nomzodini bugun ko’rib chiqishi kerak.

Yatsenyuk G’arbga moyil arbob, sobiq tashqi ishlar va iqtisodiyot vaziri. Bosh vazir lavozimida uni kutayotgan birlamchi vazifalardan biri – Ukraina iqtisodiyoti qulashiga yo’l qo’ymaslik.

Ukraina yetakchilari ko’p-partiyaviy, koalitsion hukumat tuzish ustida ishlar ekan, Oq uy bu yondashuvni qo’llab-quvvalashini aytmoqda.

Davlat kotibi Jon Kerrining so’zlariga ko’ra, Ukraina 1 milliard dollar qarz oladigan taqdirda, Amerika kafil turishga rozi.

Kerri Rossiyani Ukrainaga nisbatan harbiy chora qo’llamaslik haqida ogohlantirgan.

Rossiya rahbari Vladimir Putin kecha Ukraina bilan chegaradosh hududlarda qurolli kuchlarning jangovar tayyorgarligini tekshirishni buyurgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG