AQSh Davlat departamentining 50 dan ziyod diplomati Obamaning Suriya bo'yicha siyosatidan norozi bo'lib maktub yozgan. Ichki diplomatik xat sifatida taqdim etilgan hujjatda ular hukumatni Suriya armiyasiga qarshi havo hujumlarini amalga oshirishga chaqiradi.
Ma'muriyat siyosatidan norozi xodimlar va diplomatlar "Norozilik kanali" deb nomlanuvchi ichki aloqa tizimi orqali o'z e'tirozlarini bildirishlari mumkin va bu farqli qarash uchun ularga tazyiq o'tkazilmaydi.
Davlat departamenti so'zlovchisi Jon Kirbi hujjatning haqiqiyligini tasdiqladi, ammo uning mazmuni haqida ma'lumot bermadi.
"Davlat departamentining bir guruh xodimlari Suriyadagi vaziyat yuzasidan xat yozganini bilamiz. Hozir uni ko'rib chiqyapmiz", - dedi Kirbi.
"New York Times" qo'liga kelib tushgan bu hujjatda Obama ma'muriyati Suriya armiyasiga qarshi havo hujumlarini qo'llashga va qariyb 500 ming odamning umriga zomin bo'lgan fuqarolar urushini tezroq tugatishga chaqiriladi.
"Besh yillik vahshiy urush ketidan Suriyadagi azob-uqubat va o'limlarni tugatish choralarini ko'rish lozimligiga shak-shubha qolmadi. Suriyadagi hozirgi vaziyat tobora qo'rqinchli tus olib bormoqda", - deya yoziladi maktubda.
Amaldagi siyosat, asosan, Prezident Bashar al-Assad va "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurashayotgan isyonchilarni qo'llab-quvvatlashdan iborat.
AQSh harbiylari va Assadning Rossiya qo'llab-quvvatlovini olgan kuchlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri to'qnashuv yuz bermagan.