Breaking News

Detroyt vayronalariga oshiq sayyohlar


Detroyt bir paytlar motor shahar, avtomobillar zavodi sifatida tanilgan. Endi xaroba bir manzil. Lekin so’nggi yillarda shaharga yo’l olgan odamlar ko’paymoqda. Ular - vayronani ko’raman, degan sayyohlar.

Detroytning Isttaun teatrida o’tmishda minglab rok-musiqa shinavandalarini ko’rish mumkin edi. Bugun tashlandiq.

Sovuq kunda bino ostonasi uysiz odamlar uchun yotoq.

Bu zalda bir vaqtlar Bob Siger, Ted Nujent va Elis Kuper kabi yulduzlar qo’shiq aytgan. Bugun sahnaning teshilganini ko’rasiz. Bombardimon qilinganga o’xshaydi. Ammo urushning asorati emas, iqtisodiy tanazzulning qilmishi bu.

Fotosuratchi Jess Velterga esa xaroba o’rniga san’at asari ko’rinadi. “Imoratning o’ziga bir qarang-a”.

Avliyo Agnes cherkovi bir paytlar qaddini rostlab turardi. Endi esa ustunlari bir yoqqa og’ib qolgan, derazalari siniq, devorlarda yozuvlar. 2006-yildan beri huvillab qolgan.

Cherkov yaqinidagi maktabda eski poyafzal, kitoblar, unutilgan partalar… Bir vaqtlar o’quvchilar bilan gavjum yo’laklar bo’m-bo’sh.

Jess Velter uchun bu bamisoli oq qog’oz. Mo’yqalam o’rniga fotoapparat. Istaganingni chizasan.

“Bular ham tarix. Nimalarga guvoh bo’lgan bu devorlar?” - deydi u.

Velter uchun shunchaki ermak bo’lgan bu safarlar haqiqiy ishga aylandi. U endi Detroyt tanazzulini turistlarga ko’rsatadi.

“Ilgari bir o’zim yurardim bu yerlarda. Keyin boshqalarga ham shaharni ko’rsatay, dedim”.

2011-yilda Velter Detroytning asta-sekin g’oyib bo’layotgan arxitekturasi va tarixiga qiziqqan fotosuratchilarni shaharga taklif qila boshladi. Bugun har bir sayyohdan 40-100 dollar oladi. Pulning deyarli hammasini mijozlarni mashinada olib yurish uchun sarflaydi.

“Mashinamga 10 odam sig’adi, odatda to’ladi. Shu kunga qadar shaharning 180 binosini sayyohlarga ko’rsatdim”.

Tashlandiq binolar ko’paygan sari sayyohlar soni ham oshdi. Detroytning hozirgi rahbari Kevin Orrning aytishicha, shaharda 78 ming xaroba bino bor. Ular tag-tugi bilan yo’q qilinishi, hatto yoqib yuborilishi mumkin.

“Xavf bo’lib qolgan bu yerlar”, - deydi Glenda Prays, Detroytni qayta qurish maqsadida tuzilgan ishchi guruh hamraisi. Guruh kelasi uch yilda shaharni yangilash rejasini ishlab chiqayapti.

“Shahardagi barcha binolar va bo’sh yerlarni ko’rib chiqayapmiz”.

Pakkard avtomobil zavodi eng katta maydonni egallovchi ovloq, g’arib yerlardan. Naq 16 gektar yer. Sayyohlarni jalb qilayotgan eng mashhur joylardan.

“Ko’raverib odamning ko’zi pishib ketar ekan,” - deydi fotosuratchi.

Bu Velterning sobiq zavodga oxirgi tashrifi bo’lishi mumkin. Xilvat makon yaqinda sotildi. Yangi egasi binoni qayta qurmoqchi. Demak, tez orada bu joyda xonadonlar yoki biror idora qad ko’taradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG