Breaking News

Obama savdo haqidagi yangi qonunni targ'ib qilmoqda


Prezident Barak Obama Oregon shtatidagi “Nike” kompaniyasi zavodiga bordi. Maqsad – savdo haqidagi yangi qonun loyihasini targ’ib etish. Hujjat jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo’lmoqda.

Prezident Obama zavod ishchilariga murojaat qilib, agar AQSh yangi savdo qoidalarini belgilamasa, buni Xitoy qiladi, deb aytdi.

Yangi qoidalarga ko’ra, AQShning savdo sheriklari oliy ekologiya va mehnat standartlariga rioya qilishi zarur. Bundan AQSh kompaniyalari foyda ko’radi, deydi Obama.

“Bu Amerika ishchilari va bizneslari uchun xushxabar, chunki biz dunyoning aksar davlatlaridan farqli o’laroq, yuqori talablarga javob beramiz va shuning uchun kuchlimiz”, - deydi Obama.

Prezidentning aytishicha, agar Vashington AQSh savdo hamkorlari bilan bitimlarni ishlab chiqsa va Kongress ularni tasdiqlasa, “Nike” kelasi 10 yilda mamlakat ichida 10 mingdan ziyod yangi ish joyi yaratadi.

Tanqidchilar “Nike” mahsulotlarining katta qismi Vyetnamda kam maosh oladigan ishchilar tomonidan ishlab chiqarilayotganini, AQShning o’zida esa minglab odam ishdan bo’shatilganini aytadi.

Savdoga oid bahs-munozaralar telereklamada ham aks etmoqda. Taklif etilayotgan yangi qonun foydasi yo’q shartnomalarni Kongress orqali o’tkazishning yo’li, deyiladi birida.

Savdoga doir muzokaralarda prezident vakolatini oshirishga qaratilgan yangi qonunga ko’ra, Kongress xorijiy davlatlar bilan tuzilgan savdo bitimlarini tasdiqlash yoki rad etish huquqiga ega, ammo ularga o’zgartish kiritolmaydi.

Amerika kasaba uyushmalari federatsiyasidan Tea Lining so’zlariga ko’ra, ishchilar, shu jumladan kasaba uyushmalariga a’zo 12 million odam, ilgari tuzilgan savdo shartnomalaridan zarar ko’rgan.

“AQShning so’nggi 20 yilda olib borayotgan savdo siyosati natija bermadi. Mamlakatda ish o’rinlari yaratilmadi. Xorijdagi ishchilar huquqlari himoyalanmadi, tabiat muhofaza qilinmadi”, - deydi u.

Yangi qonun tarafdorlari esa o’z reklamasida AQSh eksportining oshishi iqtisodiy yuksalish va ish joylarining ko’payishiga olib kelishini ta’kidlaydi.

Ayrim iqtisodchilar fikricha, savdo shartnomalari natijasida iqtisodning muhim bo’lgan yangi sohalari, xususan tovarlarning jismoniy emas, elektron yo’l bilan yetkazilishi rivojlanadi.

Rejaga qarshilar AQShda ishlab chiqarish hamda ish joylari kamayib borayotganiga aynan savdo kelishuvlari sabab, deydi.

Amerika tadbirkorlik institutidan Klod Barfildning aytishicha, iqtisod mahsulot ishlab chiqarishdan yuqori darajali texnologik xizmatlar ko’rsatishga o’tyapti.

“Ishlab chiqarish sohasidagi ishlarga oid eng katta o’zgarish yuz bermoqda. Davomli, uzoq muddatli o’zgarish. AQShda ishlab chiqarishdan ko’ra xizmatlar sohasi rivojlanmoqda”, - deydi u.

Yangi qonun tarafdorlarining aytishicha, agar AQSh savdo hamkorlari Kongress shartnomalarni bekor qilish huquqiga egaligini bilsa, hech qanday kelishuvga intilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG