Breaking News

Tahlilchilar: Amerikadagi iqtisodiy muammolar ortida siyosiy sabab bor


AQSh Kongressining Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner (markazda) hamkasblari bilan matbuot anjumanida Obama bilan byudjet yuzasidan o'tgan telefon suhbati haqida so'zlab bermoqda.
AQSh Kongressining Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner (markazda) hamkasblari bilan matbuot anjumanida Obama bilan byudjet yuzasidan o'tgan telefon suhbati haqida so'zlab bermoqda.
Prezident Obama va muxolifat o’rtasida byudjet yuzasidan muzokaralar sekin bo’lsa-da, umumiy kelishuv tomon siljimoqda. Davlat rahbari badavlat amerikaliklarga soliqlarni oshirish kerak desa, respublikachilar hammani soliq imtiyozlari bilan birday ta’minlash lozim, deb turib olgan.

Tomonlar davlatning 16 trillion dollarlik qarzini tushirish borasida turlicha fikrda ekan, mutaxassislar yangi tanazzul ehtimoli haqida ogohlantirmoqda. Kelishuv bo’lmasa, demokratlar va respublikachilar o’jarligi bois 1-yanvardan ko’plab dasturlar qisqarishi va soliqlar avtomatik ravishda ko’tarilishi mumkin.

Islohotchi Robert Biksbining aytishicha, muammo iqtisodiyotda emas, siyosiy tizimda.

"Siyosiy turg’unlik iqtisodiy tushkunlikdan kattaroq xavf", - deydi mutaxassis.

Global savdoning uzviylik xususiyati sabab AQSh iqtisodiyotidagi muammo jahonda aks-sado berishi mumkin, deydi ijtimoiy tadqiqot markazi iqtisodchisi Bryus Stouks.

"“Amerika shamollasa, butun dunyo yo’taladi” degan gap bor. Tanazzulga kiradigan bo’lsak, boshqalarni ham o’zimiz bilan tortib ketamiz", - deydi u.

Yevropa iqtisodiyotidagi ayrim jonlanishga qaramay, Xalqaro valyuta jamg’armasi 2013-yilda rivojlanayotgan davlatlarda o’sish sekinlashishini bashorat qilmoqda.

AQSh Federal zaxira banki raisi Ben Bernanke qonunchilarni og’ir kunlarda tashabbusni qo’lga olishga chaqirmoqda.

"Murosa bo’lmas va masala yechimi cho’zilaverar ekan, vaziyat yanada mavhumlasha boradi. Hamkorlik va novatorlik orqali mamlakat byudjetidagi muammolarni hal etish uchun reja ishlab chiqish lozim", - dedi Bernanke.

2012-yil oxirlar ekan, iqtisodiy tanazzul Amerikani tark etgani yo’q. Siyosiy tarafkashlik bois qator iqtisodiy masalalar yechimsiz qolib ketdi. Biroq iqtisod nafaqat Amerikada, balki butun dunyoda sust. Shunga qaramay ayrim ijobiy o’zgarishlar bor.

Amerikada joriy yilda ishsizlik so’nggi to’rt yilda eng quyi nuqtaga tushdi, ipoteka bozori barqarorlashdi, birjalarda aksiyalar bahosi oshmoqda. Biroq iqtisodiy tiklanish haqida gapirishga hali erta.

Konservativ iqtisodchi Richard Ranning aytishicha, tanazzulga uchragan davlatlarda sarfiyat daromaddan ko’p. Muammo shunda, deydi u.

"Agar hamma davlatlar ko’rpasiga qarab oyoq uzatganida edi, global iqtisodiy tanazzulga uchramasdik. Sarfiyat sur’ati iqtisodiy o’sish sur’atidan ham tez", - deydi mutaxassis.

Boshqalar nazarida esa bu formula doim ham shunday natija beravermaydi. Iqtisodchi Dezmond Lexmanning aytishicha, Gretsiyada xarajatlarning keskin cheklanishi krizisni yanada kuchaytirib, yevroda muomala qiluvchi davlatlar ittifoqiga tahdid solmoqda.

"Xalqaro valyuta jamg’armasi o’zi olg’a surgan talablar samara bermayotganini tan oldi. Shunga qaramay Yevropa davlatlari muammoga sabab bo’lgan islohotlarga zo’r bermoqda", - deydi Lexman.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG