Oxrigi ikki hafta davomida AQShning Misrga doir pozitsiyasi damda-dam o'zgarib bordi.
Kecha Vashington Misr Vitse-prezidenti Umar Sulaymon va muxolifat o'rtasida muzokaralarni olqishlab, o'zgarishlarni asta-sekin amalga oshirishga da'vat etdi. Avvalroq Oq Uy jarayon jadalroq, dadilroq kechsin deb kelayotgan edi.
Tahlilchilardan birining so'zi bilan aytganda, "Bir kun qarasang, AQShning fikri bir, ikkinchi kun qarasang, boshqa".
Amerika avvaliga Misrni islohotlar sari siljiyotgan stabil-barqaror davlat deb ta'rifladi.
Keyin esa prezident Barak Obama hokimiyatda tezkor o'zgarishlar amalga oshirishda chaqirdi.
O'tgan hafta oxirida AQSh va Misr Husni Muborakning iste'fosi haqida gaplashgan. Boshqaruv Vitse-prezident rahbar muvaqqat hukumatga o'tishi kerak edi.
Biroq shu hafta boshida Obama ma'muriyati fikridan qaytgan.
“Qo’shma Shtatlar Misrda erkin va adolatli saylovlar o’tishi, demokratiya qaror topishi tarafdori”,- deydi Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs.
“Jarayon uzoq va mashaqqatli kechishi aniq, bunga tayyor turish kerak”, - deydi rasmiy.
"Muborakning taqdirini o'zi va Misr xalqi hal qiladi",- dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Krouli.
25 yanvarda boshlangan qo’zg’olon shu paytgacha 300 kishini hayotdan olib ketgan.
Prezident Barak Obama fikricha, Misr avvalgi hayotga, avvalgi siyosiy muhitga qayta olmaydi. Muxolifat va hukumat muzokara qilar ekan, AQSh nazarida tomonlar murosaga kelishi mumkin.
Misrda hokimiyatga da’vogar partiyalardan biri – “Musulmon Birodarlar”.
Prezident Barak Obama bu oqimning ayrim da’vatlari Qo’shma Shtatlarga qarshi ekanini tan oladi. Bu tashkilot Misrdagi yagona muxolif partiya emas, deydi u.
Ayrim tahlilchilar nazarida prezident Husni Muborak hozir ishdan ketsa, ahvol yanada taranglashishi, mamlakat tubanlikka yuz tutishi aniq.
Davlat departamenti matbuot kotibi Filipp Krouli deydiki, Muborak shu ondayoq rahbarlikdan kechsa, konstitutsiyaga ko’ra, ikki oy ichida saylovlar o’tishi kerak. Misr mana shu qisqa vaqt ichida ochiq, haqqoniy saylovlar o’tkazishga tayyormi? Gap mana shunda, deydi Krouli.
Rasmiyning aytishicha, Misrda kechayotgan muzokarada barcha partiyalar ishtirok etayotgani yo’q. Bu esa xalq orasida gumon uyg’otishi mumkin. Siyosiy jarayon hamma uchun ochiq bo’lishi shart, deydi diplomat.
Misr va AQShdagi ayrim ekspertlar fikricha esa Muborak ma’muriyati yuzaki tuzatishlar qilib, ko’zni shamg’alat qilmoqda. Maqsad hokimiyatda qolish.
Misr konstitutsiyasiga muvofiq prezident ishdan ketsa, lavozimni parlament spikeri egallashi kerak. Ammo gap shundaki, xalq orasida avvalgi parlament saylovlariga, tanlangan arboblarga ishonch yo’q.
Amerikalik tahlilchi, Davlat departamenti sobiq rasmiysi Jeyms Rubin deydiki:
Misrga noloyiq odam prezident bo’lib qolishi mumkin, deydi Rubin.
Uning nazarida konstitutsiya vaqtincha bekor qilinishi kerak. Shunda muzokaralar olg’a siljishi mumkin.
Misrlik Amir Hamzaviy taxminicha, amaldagi hukumat qanday bo’lsa ham boshqaruvda qolmoqchi.
"O'tish jarayoniga vitse-prezident bosh-qosh bo'lishi kerak. Parlament tarqatib yuborilsin. Xalq bilan hisoblashgan holda konstitutsiyaga tuzatish kiritish kerak. Misrni demokratiya yo'liga boshlash uchun nima zarur ekanini bilamiz. Biroq amaldagi rahbarlar faqat hokimiyatda qolishni o'ylab, haqiqiy islohotlarga to'sqinlik qilmoqda",- deydi Hamzaviy.
Muborak ma’muriyati namoyishlardan charchagan, qo’zg’olonda qatnashmagan qatlamga ta’sir qilish niyatida, deydi ekspert.