Hillari Klintonning tarixiy yutuqlari
Prezidentlik uchun demokratlar nomzodi Hillari Klinton ko'plab tarixiy yutuqlarga erishgan. Ularning eng so'nggisi yirik partiyadan prezidentlik nomzodini qo'lga kiritgan ilk ayol maqomidir. Sobiq birinchi xonim, sobiq senator va davlat kotibi endi "Prezident xonim" unvonini qo'lga kirita oladimi? Buning javobini bugungi saylov yakunida bilamiz. Tarafdorlari va hatto respublikachi raqibi Donald Tramp tomonidan "kurashchi" deya atalgan Klintonning hayot yo'liga nazar tashlaymiz.
Nyu-Gempshir shtatidagi uch shaharcha ovoz berib bo'ldi
Amerikaning Nyu-Gempshir shtatidagi uch shaharcha bugungi saylovlarni boshlab berdi.
Meyn shtati va qo’shni Kanada o’rtasida joylashgan Diksvil Notch shahrida saylov uchastkasi yarim tunda ochildi. Qizig’i shundaki, bu shaharchada (qishloq desa ham bo’lar) atigi 8 saylovchi yashaydi. Shulardan to’rt nafari Xillari Klintonga, ikkisi Donald Trampga, biri Libertarianlar partiyasidan nomzod Geri Jonsonga va yana biri Mitt Romniga ovoz bergan.
Mitt Romni oldingi saylovlarda Respublikachilar partiyasidan nomzod bo’lib, Barak Obamaga yutqazgan edi. Amerika qonuniga ko’ra, saylovchi o’ziga yoqqan odamning ismini saylov byulleteniga kiritishi mumkin, garchi bu odam rasmiy nomzod bo’lmasa ham.
Diksvil Notch saylovchilari so’nggi 4 saylovdan uchtasida kim g’olib bo’lishini to’g’ri topgan.
Unga qo’shni Milsfildda esa Donald Tramp g’alaba qozondi. Unga 16 saylovchi ovoz berdi, Klintonga esa 4. Demokratlardan yagona nomzod bo’lish uchun birlamchi saylovlarda Klinton bilan bellashgan Berni Sanders esa bu shaharchada bir kishining ovozini oldi. Sanders tarafdori ham uning ismini byulletenga qo’shib qo’ygan.
Nyu-Gempshirdagi yana bir shahar Xarts Lokeyshnda Klinton 17, Tramp 14, Jonson 3 va Sanders 2 saylovchining ovozini olgan.
Prezidentlik bahslari tarixiga nazar
Saylov kunigacha nozmodlar keskin kurash olib bordi. Asosiy ikki nomzod televideniye orqali uch marta jonli bahs qildi. AQShda har saylov mavsumida prezidentlikka nomzodlarning jonli bahs qilishi an'anaga aylangan. Bu qanday boshlangan? Prezidentlik bahslari tarixiga nazar tashlaymiz.
Saylov mavsumi kutilmagan voqealarga boy bo'ldi
Respublikachilar partiyasidan Donald Tramp partiya ichidagi barcha raqiblarini kutilmaganda yengib, prezidentlik uchun asosiy ikki da'vogardan biriga aylandi. U bugun g'alaba qozonib, AQShning navbatdagi davlat rahbari bo'lishini ishonch bilan gapirmoqda.
O'z navbatida demokratlar vakili Hillari Klintonning partiya nomzodligini qo'lga kiritishi oson kechmadi. Unga partiyadoshi Berni Sanders birinchi bosqichdagi partiya saylovlarida jiddiy qarshilik ko'rsatdi. Ammo Klinton xonim bu kurashda g'olib chiqib, endi AQSh prezidenti bo'lishga juda yaqin turibdi. Ammo buning uchun bugungi saylovda raqibi Donald Trampni yengib chiqishi kerak.
So'rovlarga ko'ra, Klinton Trampdan oldinda. Ammo bu yilgi saylovning kutilmagan voqealarga boy bo'lganini hisobga olsak, natijalar ma'lum bo'lmaguncha kimning g'olib chiqishini taxmin qilishga hali erta.