Erta tongdan fuqarolar ovoz berish uchun navbatga turmoqda
AQShning barcha shtatlarida AQSh prezidenti uchun ovoz berish boshlandi. Ko'plab hududlarda hali saylov uchastkalari ochilmasdan turib, fuqarolar eshiklar oldida navbatga tura boshlagan. Amerikaliklar bugun demokratlar nomzodi Hillari Klinton va respublikachilar vakili Donald Trampdan birini navbatdagi AQSh prezidenti sifatida saylashi kerak.
Klinton saylovni "davr imtihoni" deb atadi. Tramp esa 8-noyabrni "Mustaqilligimiz kuni" deb e'lon qilgan.
Nomzodlarning har biri saylov tongida bayonot berib, o'z tarafdorlariga yana bir bor murojaat qilgan.
Muxbirimiz Odil Ruzaliev erta tongda saylov uchastkalaridan biriga borib, hali eshiklar ochilmasdan turib fuqarolar ovoz berish uchun navbatda turganiga guvoh bo'ldi.
Saylov natijasini jonli kuzating
Saylov uchastkalarida ovozlarni sanash boshlanishi bilan, har bir shtatdagi natijalarni va umumiy hisobni jonli tarzda ko'rsatib boramiz. Buning uchun quyidagi xaritani kuzatib borishingiz kerak. Unda avvalgi saylovlarda kim qancha ovoz olgani haqida ham batafsil ma'lumotlar bor.
Saylov mavsumi kutilmagan voqealarga boy bo'ldi
Respublikachilar partiyasidan Donald Tramp partiya ichidagi barcha raqiblarini kutilmaganda yengib, prezidentlik uchun asosiy ikki da'vogardan biriga aylandi. U bugun g'alaba qozonib, AQShning navbatdagi davlat rahbari bo'lishini ishonch bilan gapirmoqda.
O'z navbatida demokratlar vakili Hillari Klintonning partiya nomzodligini qo'lga kiritishi oson kechmadi. Unga partiyadoshi Berni Sanders birinchi bosqichdagi partiya saylovlarida jiddiy qarshilik ko'rsatdi. Ammo Klinton xonim bu kurashda g'olib chiqib, endi AQSh prezidenti bo'lishga juda yaqin turibdi. Ammo buning uchun bugungi saylovda raqibi Donald Trampni yengib chiqishi kerak.
So'rovlarga ko'ra, Klinton Trampdan oldinda. Ammo bu yilgi saylovning kutilmagan voqealarga boy bo'lganini hisobga olsak, natijalar ma'lum bo'lmaguncha kimning g'olib chiqishini taxmin qilishga hali erta.
Prezidentlik bahslari tarixiga nazar
Saylov kunigacha nozmodlar keskin kurash olib bordi. Asosiy ikki nomzod televideniye orqali uch marta jonli bahs qildi. AQShda har saylov mavsumida prezidentlikka nomzodlarning jonli bahs qilishi an'anaga aylangan. Bu qanday boshlangan? Prezidentlik bahslari tarixiga nazar tashlaymiz.