Obama: Umidni uzmang
Prezident Obama bugun saylov najialari haqida bayonot berdi. U hokimiyatni Donald Trampga topshirish jarayoni silliq o’tishini ta’minlash uchun barcha choralarni ko’rishini bildirdi. O’rtada tafovutlar bo’lishiga qaramay, biz unga muvaffaqiyat tilaymiz, dedi AQSh rahbari.
“Bu uzoq va qattiq kurash olib borilgan kampaniya bo’ldi. Kampaniyalarning, demokratiyaning tabiati shunaqa. Ba’zan yuz bergan voqealar odamga ilhom beradigan darajada emas. Ammo saylovga endi kirib kelayotgan va natijadan afsuslangan yoshlarni umidni yo’qotmaslikka chaqiraman. Klinton bugun ertalab aytganidek, to’g’ri narsa uchun kurashish o’zini oqlaydi. Ba’zan bahslarda, ba’zan saylovda yengilasiz. Bu mamlakat bosib o’tgan yo’l hech qachon silliq bo’lmagan. Men ham oldin saylovlarda yutqazganman”, - dedi Obama.
Klinton mag'lubiyatini tan oldi
Hillari Klinton mamlakat ravnaqi uchun prezident etib saylangan Donald Tramp bilan birga ishlashga tayyor ekanini va shu masalada unga o'z yordamini taklif qilganini bildirdi. Bu haqda u 9-noyabr kuni saylov natijalariga bag'ishlangan murojaatida gapirdi.
O'z navbatida Tramp uni shu maqomga olib chiqqan, Amerika siyosiy tarixida ulkan o'zgarish yasagan Amerika ishchilar guruhini hech qachon unutmasligini aytdi.
"Shu paytgacha unutilgan erkak va ayollar endi hech qachon esdan chiqarilmaydi. Biz hammamiz ilgari ko'rilmagan darajada birlashamiz", - dedi u g'alabadan so'ng "Twitter"da qoldirgan yozuvida.
2017-yil 20-yanvar kuni qasamyod keltirib, Oq uyga kirishi kutilayotgan milliarder Tramp AQSh tarixida ilgari hech bir davlat mansabida ishlamagan ilk oliy bosh qo'mondon bo'ladi. Ayni paytda 70 yoshli arbob Amerika tarixidagi eng keksa davlat rahbariga aylanadi.
Tramp g'alaba qozondi
Respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp AQShning 45-prezidenti etib saylanishga yetarli ovoz to'pladi. Bahsli va ziddiyatli voqealarga boy o’tgan saylov mavsumining so’nggi kuni ham kutilmagan bo’ldi: milliarder nomzodning eng yuqori pallagacha chiqishini ko’pchilik kutmagan edi.
Saylovda Tramp to’la ustunlik qildi, deb bo’lmaydi. Aksincha, deyarli barcha shtatlarda kurash teng kuchlar ostida o’tdi. Saylov taqdirini kimga ovoz berishi noma’lum bo’lgan shtatlar hal qildi. Ularning barchasi Trampga moyillik bildirdi. Ayni paytda Klinton ham bu hududlarda jiddiy qarshilik ko’rsatdi. Aksariyatida Tramp kichik miqdordagi ustunlik bilangina g’olib chiqdi.
Klinton saylov kampaniyasi rahbari Jon Podestaning aytishicha, demokrat nomzod bugun saylov yakunlari haqida gapirmaydi. Bu uning mag'lubiyatni tan olganidan dalolat bermoqda.
So'nggi sanoqli shtatlarda hanuz rasmiy natijalar e'lon qilinishi kutilmoqda, ammo ularning deyarli barchasida Donald Tramp g'alaba qozonishi allaqachon ma'lum bo'lgan. Klinton faqat Nyu-Gempshir shtatida kichik ustunlik bilan oldinda. Lekin bu saylov natijasiga ta'sir ko'rsata olmaydi.
Ayni paytda Tramp saylov kampaniyasi shtab-kvartirasiga yetib kelgan. Bu yerda u g'alaba nutqini o'qishi kutilmoqda.