Markaziy Osiyo yetakchilari Trampni g'alaba bilan tabrikladi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Donald Trampni AQSh prezidentligi saylovidagi "ishonchli g‘alabasi" bilan tabrikladi.
"O‘zbekiston rahbari AQSh bilan strategik sherikchilik munosabatlarining barqaror rivojlanayotganligini ta’kidladi," deyiladi xabarda.
Shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Donald Trampni Amerika Qo‘shma Shtatlari 45-prezidenti lavozimiga saylanganligi munosabati bilan muborakbod etdi, deb yozadi "Akorda" matbuot xizmati.
"Men sizning rahnamoligingizda Amerika Qo‘shma Shtatlari butun dunyoda barqarorlik, xavfsizlik va farovonlikni ta’minlashda tirgak bo‘lib qoladi, deb ishonaman", - deyiladi Qozog'iston hukumati jo'natgan telegrammada.
Qirg'iziston rahbari Almazbek Atambayev ham Trampni g'alaba bilan qutladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Sizni mamlakatlarimiz o'rtasida o'rnatilgan diplomatik aloqalarning 25 yilligida tabriklayotganim, ayniqsa, yoqimli. Qirg'iz Respublikasi va Amerika Qo'shma Shtatlari mamlakatlarimiz xalqlari manfaatlari yo'lida do'stona aloqalar va ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni kuchaytirishda davom etishiga ishonaman", - deyiladi Almazbek Atambayev bayonotida.
Tramp Oq uyga tashrif buyurdi
Prezidentlik saylovida g'olib chiqqan Donald Tramp Oq uyga tashrif buyurib, AQSh Prezidenti Barak Obama bilan uchrashdi.
Obamaning aytishicha, Tramp bilan uchrashuv ajoyib o'tgan va tomonlar keng qamrovli mavzularda suhbatlashgan. Ular ichki va tashqi siyosat bo'yicha ham fikr almashgan.
Hozir mening birinchi raqamli vazifam hokimiyatning silliq o'tishini ta'minlash, dedi Obama.
Tramp Prezident Obama bilan uchrashganidan sharafda ekanini aytib, kelajakda ham u bilan ishlashni umid qilishini bildirdi.