Breaking News

Amerikalik chempion qiz tengdoshlariga qanday maslahat beradi?


Qilichbozlik bo'yicha chempion Ibtihaj Muhammad senegallik o'quvchi qizlar bilan, Dakar, 7-fevral, 2014-yil.
Qilichbozlik bo'yicha chempion Ibtihaj Muhammad senegallik o'quvchi qizlar bilan, Dakar, 7-fevral, 2014-yil.
Ibtihaj Muhammad AQSh nomidan xalqaro musobaqada ishtirok etayotgan ilk musulmon sportchi ayol. Qora tanli bu muslima AQShning Nyu-Jersi shtatida ulg’aygan. Sportni yoshligimdan sevganman, ammo o’z o’rnimni topishim oson bo’lmadi, deydi u.

“Yoshlikda hammamiz boshqalarga yoqishni yaxshi ko’ramiz, do’stlar orttirishni istaymiz. Ammo men musulmon bo’lganim uchun sport musobaqalarida ham maxsus forma kiyardim. Masalan, tennis yoki futbol o’ynasam, yugursam, jamoadoshlarim doim kalta ishton va yengsiz kiyimlarda bo’lishardi. Men esa uzun ishton va yengli kiyimlar kiyardim. Shuning uchun bolaligimda o’zimni boshqalardan ajralib qolgandek his qilardim”, - deydi u.

Ana shunday vaziyatda onasi unga qilichbozlik sporti bilan shug’ullanishni taklif etdi. Chunki bu sportda butun badan, hatto bosh ham yopiq bo’ladi.

“Bu sportda yuzimga niqobimni kiyishim bilan o’zimni barcha qatori bir xil maydonda his qilaman. Odamlar menga faqat sportchi sifatida qarashadi. Ayol kishi, musulmon yoki qora tanli deb emas. Bu menga juda yoqadi”, - deydi u.

Qilichbozlikda ikki raqib bir-biriga yuzlashgan holda kurash olib boradi. Raqib badaniga qilich uchi bilan yetkazilgan har bir zarba uchun ochko yoziladi.

Ibtihaj bu sport bilan 13 yoshidan beri shug’ullanadi. 2007-yilda AQSh milliy jamoasiga qo’shilgan. 2011-yilda esa xalqaro musobaqada AQSh sharafini himoya qilgan birinchi musulmon ayol bo’ldi. U hozir qilichbozlar reytingida AQShda ikkinchi, dunyoda esa 10-o’rinni band etgan.

Senegal poytaxti Dakardagi Jon Kennedi maktabi talabasi 18 yoshli Emi Ndeya o’zi uchun ko’plab yoshlar uchun Ibtihaj o’rnak ekanini aytadi.

Uning aytishicha, Senegalda bunday sport turlari bilan, asosan, erkaklar shug’ullanadi. Endi ayollar ham ana shunday muvaffaqiyatlarga erisha olishi mumkinligini ko’ryapmiz, deydi u.

AQShlik sportchining aytishicha, dunyodagi ayollar o’zlari xohlagan narsa bilan shug’ullanishni istasa, odamlarning din, jins va irqqa oid turli gap-so’zlari ularni bu yo’ldan chalg’itmasligi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG