O’tgan yili Missurida qora tanli o’smir Maykl Braunning oq tanli politsiya zobiti tomonidan otib o’ldirilishi ortidan ta’sis etilgan komissiya 10 oy davom etgan taftish natijalarini e’lon qildi.
Yakuniy hujjatda 189 ta chora tavsiya qilinadi. Ulardan biri - Sent-Luisdagi politsiya va sudlar faoliyatini muvofiqlashtirish. Bu shahar yaqinidagi Fergusonda 2014-yil avgustda zobit Darren Uilson qurolsiz Maykl Braunni otib o’ldirgan edi. So’ngra ommaviy norozilik namoyishlari yuz bergan, aholi politsiya bilan to’qnashgan.
Komissiya, shuningdek, huquq-tartibot organlari tomonidan kuch ishlatish hollarini doimiy ravishda kuzatib borishni tavsiya etadi.
Federal taftish natijasida Ferguson politsiyasi aholini tez-tez ta’qib qilishi aniqlangan. Uilsonning sud tomonidan jazolanmasligi hamda namoyishchilar va jurnalistlarning hibsga olinishi salbiy hollar sirasida tilga olinadi.
Shuningdek, namoyishchilar hayotini himoya qilish va matbuotning bemalol ishlashini kafolatlashga qaratilgan choralar shtat bo’ylab qabul qilinishi kerakligi aytilgan.
“Qonunga ko’ra, barcha fuqarolar teng huquqqa ega. Ammo amalda turli odamlarga munosabat ham turlicha”, - deyiladi komissiya hujjatida.
2014-yil oktabrida gubernator Jey Nikson buyrug’i bilan ta’sis etilgan komissiya 200 betli hisobotni shtat rahbariyatiga taqdim etgan.
Komissiyaning 16 a’zosi orasida tadbirkorlar, ta’lim muassasalari, diniy yetakchilar, huquq, sog’liqni saqlash sohalari vakillari, politsiya va nodavlat tashkilotlar xodimlari bor.