1965-yil mart oyida qora tanlilar huquqlari kurashchisi Martin Lyuter King yetakchiligida 600 odam Alabama shtatining Selma shahridan Montgomeriga yo’l oladi. Shtat qo’shinlari shahar tevaragida namoyishchilarga hujum qilib, zo’ravonliklar jiddiy tus oladi. Bir necha hafta o’tgach Prezident Lindon Jonson Kongressga murojaat qilib, Ovoz berish huquqi haqdagi qonun loyihasini taqdim etadi. Unga ko’ra, irq yoki millatidan qat’i nazar fuqaro ovoz berish huquqiga ega bo’lgan. 25-mart kuni yana bir namoyishda 25 000 odam qatnashgan va Selmadan Montgomerigacha 80 kilometr yo’l bosib o’tgan. Rejissor Ava Dyuvernening yangi filmi o’sha hodisalar haqida.
Alabama shtatidagi Selma shahrida “Selma” nomli dramaning premyerasi bo’lib o’tdi. Bu filmda fuqarolar huquqlari faoli Anni Li Kuper ovoz berish uchun ro’yxatdan o’tishga urinayotgani ham tasvirlangan. Tomoshabin 1965-yil mart oyida Selmada bo’lib o’tgan namoyishlar va ulardan oldingi voqealardan voqif bo’ladi.
Ava Dyuverne suratga olgan bu kartinada Prezident Lindon Jonson va fuqarolar huquqlari harakati yetakchisi Martin Lyuter King o’rtasidagi munosabatlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Film muallifining aytishicha, Jonson qora tanlilarga huquq berishga qarshi chiqqan. Ammo Jonson tarafdorlari bunday talqin noto’g’ri deydi.
Biroq rejissor film Lindon Jonson emas, kattaroq mavzuga bag’ishlanganini aytadi. “Hayratlanarli ishlar qilgan odamlarda”, - deydi u. Aktyorlarga bunday murakkab obrazlarni yaratish ham oson bo’lmadi.
“Konstitutsiyada himoya qilingan ovoz berish huquqimdan foydalana olmasam, bu nima degan gap? Hayotim o’z qo’limda emas! Menga ozor berishni ma’qul ko’radigan odamlarga haqqimni topshirib qo’yamanmi?”, - deydi Devid Oyelovo. U Martin Lyuter King rolini ijro etgan.
“Daho rolini, tarixiy shaxsni kinoda o’ynashning iloji yo’q. Siz avvalambor inson rolini ijro etasiz. Bu qo’limdan keladi. O’zim otaman, to’rt farzandim bor, nasroniyman. Doktor Kingga o’xshagan taraflarim shu. Uning qalbidagi umid va orzular haqida o’yladim, ularni his etishga harakat qildim. Ularning o’z qalbimda ham borligini sezdim. Film yaratish jarayonida yuragim shunday his-tuyg’ularga to’la edi va rolni ijro eta oldim”.
Devid Oyelovo va “Selma” rejissori Ava Dyuverne ijodi yuqori baholanmoqda.
“O’sha ko’prikdagi lahzalar shu qadar hayajonli ediki. U yerda rosmana insonlar turgan, qon to’kkan, ko’zlari yoshga to’lgan, ko’chalarga chiqqan, kulgan va qo’l ushlashib yurgan. O’sha hodisalarning qoq yuragi shu,” - deydi Dyuverne.
Jon Lyuis o’sha tarixiry hodisalarda qatnashganida talaba bo’lgan. Uning rolini Stefan Jeyms ijro etdi. Bugun esa Lyuis Kongress a’zosi. Xotiralari bilan o’rtoqlashadi.
“Yoshlar va qariyalar filmdan saboq olishi mumkin, taslim bo’lmaslik, ko’nglini cho’ktirmaslik, nafratlanmaslik, aksincha, kurashishni o’rganishi mumkin. Bu Amerikaning qalban toza ekanini saqlab qolish uchun kurash. Abadiy kurash,” - deydi u.
“Selma” filmi Missuri shtatining Fergyuson shaharchasidagi hodisalardan oldin suratga olingan bo’lsa-da, ikki soatlik filmni tomosha qilayotib, uning bugun ham dolzarb ekanini payqamay qolmaysiz.