Oq uy Nigerdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini bildirmoqda. Harbiy to’ntarishga yuz tutgan bu mamlakatdan Amerikaning bir necha fuqarosi evakuatsiya qilingan, biroq elchixona faoliyatini davom ettirmoqda.
Niger Afrikada G’arb mamlakatlari bilan “Islomiy davlat” va al-Qoidaga qarshi yaqindan hamkorlik qilgan davlat edi. Harbiylar Prezident Muhammad Bazum va vazirlarini hokimiyatdan chetlatib, tashqi siyosatga tuzatish kiritishi kutilayotgan ko’rinadi.
”Taxminan ikki hafta oldin harbiylarimiz AQShda hamkasblari bilan uchrashayotgan edi. Pentagonga birga bordik, Davlat departamentida bo’ldik. Shundan bir hafta o’tib vaziyat yomonlashdi. Hech narsaga tushunmayapman”, - deydi Nigerning AQShdagi elchisi Mamadu Kiari Liman-Tinguiri.
Rossiyaning “Vagner” yollanma guruhi atrofdagi mamlakatlarda faoliyat olib borarkan, tahlilchilar boshqa davlatlar ham tabiiy resurslarga boy Nigerga ko’z tikkanini aytadi.
“Bu proksi urush. Oxirgi 3-5 yilda Afrikada proksi urushga guvohmiz. Afrika uchun yangidan kurash kechayotganday. AQSh, Rossiya, Xitoy kabi tashqi kuchlar o’rtasida. Rossiya zabt etishni yaxshi ko’radi. “Vagner” guruhi orqali. Xitoy esa “Kamar va yo’l tashabbusi” kabi iqtisodiy qurolini ishga solmoqda”, - deydi Nyu-York shtatining Sirakyuz universitetidan Shon Makfeyt.
AQSh Davlat departamenti rasmiylari vagnerchilarning Nigerdagi davlat to’ntarishiga aloqadorligiga dalil yo’qligini aytsa-da, hozirgi beqarorlikdan foydalanishi mumkinligini taxmin qiladi.
“Hozirgi vaziyatdan o’z foydasiga foydalanib qolishsa ajablanmagan bo’lardim. Axir Afrikaning boshqa mamlakatlarida shunday qilishgan. O’z moliyaviy manfaatlarini o’ylab, qit’ada ta’sirini yoyishga intilishadi”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Mattyu Miller.
Professor Makfeyt Nigerdagi fitnachilar Vashington yoki G’arb bosimiga yon berishiga ishonmaydi.
“Afrikadagi ko’p mamlakatlar AQShni ishonchli hamkor deb bilmaydi. Bunday vaziyatda Vashingtonda ta’sirini o’tkazishga imkoniyat katta emas. Rossiya va Xitoyga bas kelish juda qiyin bo’ladi”, - deydi u.
Nigerdagi davlat to’ntarishi ketidan AQSh va Yevropa davlatlari unga iqtisodiy yordamni to’xtatib qo’ydi. Mintaqadagi mamlakatlarni o’z ichiga olgan EKOVAS tashkiloti ham shunday qildi.
Bugun poytaxt Niameyda harbiy xunta tarafdorlari sanksiyalar va tashqi aralashuvga norozilik bildirish uchun ko’chaga chiqdi, mamlakatdagi fransuz qo’shinlarining chiqarilishini talab qildi.
Bugun Niger Fransiya mustamlakasidan ozod bo’lganining 63 yilligini nishonlamoqda.