Breaking News

Romni prezident bo’lsa, xorijga yordamni qanday taqsimlaydi?


Mitt Romni
Mitt Romni
AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogar Mitt Romni nazarida ishsizlik, yo’qsillik va korrupsiya Yaqin Sharqda yoshlarni bosh ko’tarishga majbur qilmoqda. Nyu-Yorkda, Klinton nomidagi Global jamg’armada jahon yetakchilari oldida so’zlagan arbobning aytishicha, diniy ekstremizm muammoning bir qirrasi, xolos.

Mitt Romni xorijga yordam haqida / Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00
Yuklab oling


Prezident Barak Obama Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasida so’zga chiqishidan bir soat avval uning raqibi Mitt Romni boshqa xalqaro davrada ma’ruza qildi.

Kundalik Eshittirish
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:30:00 0:00
Yuklab oling


Respublikachi nomzod tashqi siyosat borasida qarashlari va Amerikaning roli haqida gapirdi.

Prezident etib saylansam, dedi u, yangi ish o’rinlari yaratish va erkin savdoni ustuvor vazifa etib tanlayman.

Xususan, tijoratda cheklovlardan voz kechib, Amerika sarmoyasiga eshiklarini ochgan jamiyatlarga ko’proq madad uzataman, dedi Romni.

Uningcha, Qo’shma Shtatlar yillar davomida qilgan hotamtoylik kutilgan natija bermadi.

“Biz yonib-kuyib xayriya qilamizu, doim ham shunga munosib javob olmaymiz. Amerika madadi ko’p hollarda poraxo’r hukumatlar qo’liga tushib qoladi. Yillar davomida uzatilgan yordam nega yo’qsillik, muammolarni yenga olmayapti ekan, deb hayron bo’lamiz”, - deydi Romni.

Uning aytishicha, Amerika tashqi ko’magi erkin savdo va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlashda davom etishi kerak.

Hozirning o’zida aksariyat rivojlanayotgan davlatlarni tirab turgan, asosan, Qo’shma Shtatlar, deydi u.

“Yordamdan asosiy maqsad davlatlarni ishlashga rag’batlantirish, erkin tadbirkorlikni jonlantirish bo’lishi lozim. Amerika iqtisodiyotining o’zagi hisoblanmish qadriyatlarni ulashaylik. Erkin xalqlar, qonun ustuvor jamiyatlar o’z taqdirini hal qilishi, farovon hayot kechirishi mumkin. Boshqa yurtlar ana shu tajribani tadbiq etishni o’rgansa qani”, - deydi Mitt Romni.

Kecha, shuningdek, prezident Obama BMT anjumanida Amerikaning global sahnadagi roli va yutuqlarida to’xtaldi.

“Amerika jahonda taraqqiyotni qo’llab-quvvatlab, xususan, Afrika davlatlarida yo’qsillikka qarshi samarali kurash olib bormoqda. Korrupsiyani yengish, ochiq va erkin hukumatlarni targ’ib qilish yo’lida yangi hamkorlar topdik. Xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning siyosatdagi rolini oshirish uchun yangidan-yangi loyihalar ochilmoqda”, - dedi Obama.

AQShning tashqi yordami byudjetining ikki foizini tashkil etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG