Breaking News

Obama Falastin rahbari bilan uchrashib, yordam va’da qildi


Prezident Barak Obamaning aytishicha, AQSh G’azo sektorida aholi turmushini yaxshilash, uy-joy va maktablar qurish uchun 400 million dollar ajratadi. Aholini toza suv bilan ta’minlash, sektor infratuzilmasini tiklash ham rejalangan.

Barak Obama bugun Oq uyda Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashib, Yaqin Sharq tinchlik jarayonini davom ettirish xususida so’zlashdi. Yaqinda G’azo atrofida ro’y bergan qonli voqea, Isroilning gumanitar kemalarga hujumi muzokarani izdan chiqarishi mumkin degan xavotir hukmron.

Bir-yarim yillik tanaffusdan so’ng arab davlatlari quvvatlovida qayta boshlangan Isroil-Falastin muloqoti yana qil ustida. Mahmud Abbos Obamadan mintaqada tinchlik o’rnatish uchun “shaxdamroq” bo’lishni so’ramoqda.

Bu degani, Obama ma’muriyati muzokarani yakuniy nuqtaga olib chiqish uchun Isroilga bosim o’tkazishi, Falastin davlatini barpo etish tomon qattiq harakat qilishi kerak.

“Xamas” jangari guruhi nazoratidagi G’azo sektori uch yildan beri Isroil blokadasi ostida. Obama fikricha, Isroil xavfsizligiga ziyon qilmasdan sektor ahliga yordamni oshirish yo’lini topish lozim.

AQShning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakili Jorj Mitchell o’tgan bir oydan beri Quddus va Ramallohga tez-tez qatnamoqda. Muloqot natija berishi uchun to’rt oy muhlat berilgan. Isroil va Falastin rahbariyati keyinchalik yuzma-yuz gaplashishiga umid bor.

Vashington amaldagi diplomatik harakatlarni “konstruktiv va keng-qamrovli” deb ta’riflasa, falastinliklar Isroil bilan muzokara murakkab va turli to’siqlarga boy ekanini qayd etmoqda.

Ma’lumki, Isroilning o’tgan hafta gumanitar karvonga hujumi xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralangan, xususan arab dunyosida keskin norozilik uyg’otgan. Prezident Obama bu ziddiyatlarni yumshatish harakatida. U hujumni “fojia” deya ta’riflab, voqeani xolis tergov qilishga chaqirgan. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun shu maqsadda xalqaro komissiya tuzishni taklif etgan edi.

AQSh rahbarining Mahmud Abbos bilan uchrashuvi oldidan, Isroil G’azoga qo’yilgan ayrim cheklovlarni bekor qildi. Sektorga endi ko’proq oziq-ovqat olib kirish mumkin.

Oq uy rasmiylarining aytishicha, G’azoda aholi turmushini yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy lohiyalar ham muhokamada. AQSh ularni Isroil, Falastin, Misr va boshqa davlatlar hamkorligida amalga oshirmoqchi.

XS
SM
MD
LG