Breaking News

Qashshoq amerikaliklar oziq-ovqat uchun qancha sarflaydi?


AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligi ma’lumotiga ko’ra, oziq-ovqat uchun davlatdan yordam oladiganlar soni mamlakatda yildan yilga ko’payib bormoqda. Hozirda ular 47 millionni tashkil etadi. Muhtoj oilalar har oy oziq-ovqat uchun ma’lum miqdorda moliyaviy ko’mak oladi. Ammo ayrimlar fikricha, buning o’zi yetmaydi.

Oziq-ovqat xarajati, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:51 0:00
Yuklab oling

Laura Kan – pazanda.

“Kartoshkali quymoq qilyapman”, - deydi u.

U bu hafta o’zi va turmush o’rtog’i uchun ovqatga bir kunda to’rt dollar sarflashga qaror qildi. Chunki davlatdan yegulik uchun bir kunlik o’rtacha yordam miqdori shuncha. Bu Amerikada ikki kishining ovqatga bir kunda sarflaydigan pulining yarmi ham emas.

Muammo shunda, deydi Arlingtondagi yordam markazi direktori Charlz Meng.

“Har kuni ko’plab oilalar duch keladigan hisob-kitob muammosi bu”, - deydi u.

Masalan, pul tejash uchun konservalangan sabzavot olishadi.

“Olmaning narxi konservalangan olma sousidan 5-10 sent qimmat. Bu katta farq bo’lmasligi mumkin, ammo to’rt dollarlik kundalik byudjet uchun 5-10 sent oz pul emas”, - deydi Laura.

Konservalarning nomi chiqqan turlari qimmat. Ziravorlardan ham voz kechish kerak.

“Mazasida katta farq bor. Pomidorning haqiqiy ta’mini chiqarish uchun allaqanday ziravorlardan qo’shish kerak”, - deydi u.

Go’sht haqida gapirmasa ham bo’ladi.

“Bu pul bilan go’sht olishga qurbimiz yetmaydi”, - deydi Laura.

Demak, protein o’rnini loviya bosadi.

“Qora loviya, qizil loviya olganmiz, yasmiq doni ham bor”, - deydi u.

Byudjet doirasida sarf qilish uchun Laura uzoq izlandi. Har bir retseptiga ketadigan xarajat jadvalini tuzdi.

“Ko’p vaqtimni oldi. Lekin raqamlar bilan ishlashni yoqtiraman. Ammo hamma ham bunday qila olmaydi”, - deydi Laura.

Bu ish arzon, sog’lom va to’yimli taom tayyorlash uchun muhim. Masalan, tuxum, kartoshka va qovoqdan qilingan bugungi ovqat bir dollarga tushdi.

“Juda shirin bo’ldi”, - deydi Laura.

Uning turmush o’rtog’i taomning mazasidan qoniqdi. Ammo unga sarflangan vaqtdan emas.

“Laurani ko’p band qildi bu ish. Cheklangan byudjet bilan ovqatlanish shuncha vaqt olishini tasavvur qilmagandim”, - deydi Aron.

Ayni paytda bu ko’zimni ochdi, deydi Laura.

“Keyingi ovqatim nima bo’ladi, u qayerdan keladi, hech o’ylamagan edim. Odamlar uchun bu katta tashvish ekanini bilyapman. O’z boshimdan shuni o’tkazdim”, - deydi u.

Bir haftalik sinovdan so’ng Laura nochor oilalarga hurmati yanada oshganini aytadi. Yil bo’yi ana shunday byudjet bilan yashaydiganlar ko’p, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG