Eronga qo'yilgan AQSh sanksiyalarini aylanib o'tishga uringanlikda ayblanib, mart oyida hibsga olingan Eron va Turkiya fuqarosi Rizo Zarrab sudgacha vaqtincha ozod qilinishi mumkin. Uning advokatlari 50 million dollar garov puli evaziga suddan shuni so'ragan.
Prokurorlar da'vosiga ko'ra, Zarrab va yana ikki shaxs Eron hukumati va bizneslari ishtirokidagi moliyaviy firibgarliklarda qatnashgan, so'nggi besh yilda millionlab dollar aylangan .
Eron 1979-yildan beri AQShning turli iqtisodiy sanksiyalari ostida bo'lib, kompaniya va shaxslarga Eron hukumati va unga aloqador tashkilotlar bilan biznes qilish taqiqlangan.
Mart oyida e'lon qilingan ayblovga ko'ra, Zarrab va uning hamkorlari Eron va Turkiyada joylashgan bir necha kompaniyadan foydalanib, Eron bilan pul almashgan va buni AQSh banklaridan yashirgan.
Sudga Zarrab advokatlari tomonidan topshirilgan murojaatda ayblanuvchining hibsdan ozod qilinib, sudgacha uy qamog'ida saqlanishi so'ralgan. Har doim uning uyi oldida ikki qo'riqchi bo'lishi va Nyu-Yorkdagi uyini faqat tibbiy ko'rikdan o'tish, advokatlar bilan uchrashish yoki diniy xizmatlar uchungiga tark etishi mumkinligi va'da qilingan.
Zarrabning jinoyatlari faqat moliyaviy xarakterda bo'lib, zo'ravonlik, terrorizm yoki qurol-yarog'ga aloqador emas va shu bois qattiq nazorat ostida saqlanmasligi kerak, deyiladi murojaatda.
Shuningdek, advokatlarning da'vo qilishicha, Zarrab yaxshi huquqiy himoyaga ega bo'lishi uchun oqlovchilari bilan qamoqxonadan tashqarida gaplashishi kerak. Zarrabning sog'lig'i ham yaxshi emasligi aytilmoqda.
Zarrab Eron poytaxti Tehronda tug'ilgan, lekin asosiy hayoti Turkiyada o'tgan. U 2012-yildan beri Turkiyada oltin va boshqa mahsulotlar savdosi bilan shug'ullangan. Tadbirkor oilasi bilan shu yilning mart oyida Mayamiga uchib kelganda hibsga olingan edi.
Zarrab Turkiyaning o'zida ham korrupsiya bilan bog'liq mashmashaga aralashgan. U 2013-yil hukumatning ayrim a'zolariga pora bergani aytiladi. Shundan so'ng bir qator sudyalar, prokuror va huquq-tartibot organi rasmiylariga qarshi tazyiqlar boshlandi. Zarrabga qo'yilgan ayblov esa bekor qilindi.
Agar aybdor deb topilsa, Zarrab va uning eronlik ikki hamkori ko'pi bilan 50 yilgacha qamoq jazosiga mahkum qilinishi mumkin.