Eronning yangi prezidenti Hasan Ruhoniy hamjihatlik va murosa haqidagi bayonotlari bilan dunyo diqqatini o’ziga tortayapti. G’arb islomiy respublikadan bunday iliq so’zlar kelishiga o’rganmagan.
O’tmish ginalarni unutib, munosabatlarni yangi sahifadan boshlashga umid paydo bo’layapti.
Prezident Ruhoniyning so’nggi paytda qilgan nutqlari Eron jiddiy diplomatiyaga tayyor ekanini ko’rsatmoqda.
U G’arb bilan aloqalarni yangilash haqida so’z ochdi. “NBC” telekanali bilan suhbatda “biz hech qachon yadro quroli ishlab chiqarmaymiz” deya ta’kidladi.
Ruhoniy G’arb bilan kelishib olish uchun to’la vakolatga ega ekanini ham ma’lum qilgan. Ammo, deydi prezident, vaqt tig’iz.
“Eronning yadro dasturi atrofidagi bahslar xalqaro qonunlar doirasida tezda hal bo’lishini istaymiz”, - deydi u.
Hasan Ruhoniy Nyu-Yorkda BMT minbaridan turib dunyo ahliga ilk bor murojaat qiladi, deydi siyosatshunos Patrik Kloson.
“U g’ayrat bilan ishga kirishgani bilinib turibdi. G’arb ommasi bilan qanday muomala qilishni biladi”, - deydi ekspert.
Eron hukumati yaqinda Twitter tarmog’i orqali yahudiylarni yangi yili bilan tabrikladi.
Yadro dasturi yuzasidan muzokaralarni olib borish mas’uliyatini tashqi ishlar vazirligiga topshirdi. Shuningdek, bir qancha siyosiy mahbuslarni ozod etdi. Prezident Barak Obamaga maktub yo’lladi.
Muhimi, mamlakat oliy rahbari Oyatulla Ali Xomeneiy ham murosaga tayyor ko’rinadi.
“Diplomatik jabhada aql-idrok bilan qadam bosishga qarshi emasmiz. Xosh xalqaro sahnada bo’lsin, xosh ichki siyosatda. Ayrim masalalarda yon berish zarur va to’g’ri hamdir. Bu jasorat talab qiladi, mamlakat ravnaqi uchun xizmat qiladi”, - deydi Xomeneiy.
Bir necha karra sanksiyalar bilan jazolangan Eron iqtisodiyoti ayni damda og’ir ahvolga tushib qolgani sir emas. Milliy valyutasi qadri 50 foizga tushgan, neft eksporti hajmi keskin kamaygan. Ammo uran boyitish ishlari davom etmoqda.
Islomiy tuzum qanchalik inkor etmasin, G’arb uni yadro qurolini qo’lga kiritishga urinayotganlikda ayblab keladi.
Oq uyning bildirishicha, AQSh va Eron prezidentlari yuzma-yuz muloqot qilishi hozircha rejalanmagan. Ammo so’zlovchi Jey Karni shunday imkoniyat borligini rad etmaydi.
“Prezident Obama Eron bilan ikki tomonlama muzokaraga yo’q demaydi. Shart shuki, Eron yadro dasturi yuzasidan bildirilayotgan xavotirlarga va savollarga jiddiy javob bersin. Bu dasturdan voz kechsin”, - deydi rasmiy.
Ammo Eron muzokara stoliga qaytgan taqdirda ham kelishuvga erishish oson bo’lmaydi, deydi Patrik Kloson.
“Kelishuv shunday bo’lishi kerakki, Eron yadroviy tadqiqotlardan tinch maqsadda foydalana olsin. Shu bilan birga, yadro quroli ishlab chiqarish salohiyatiga ega bo’lmasin”, - deydi suhbatdosh.