Breaking News

AQSh: Yaqin Sharqqa askar jo'natishimiz Eronga provokatsiya emas


Tramp Yaqin Sharqqa yana 1500 askar jo'natadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:01 0:00

AQSh va Eron o’rtasida ziddiyat oshib borar ekan, Prezident Tramp Yaqin Sharqqa qo’shimcha 1,5 ming askar jo’natishga ko’rsatma berdi. Bu Tehronga nisbatan provokatsiya emas, deya bildiradi Oq uy. Kuzatuvchilarga ko’ra, AQSh rahbari o’z muddaosini tushuntirmayotgani mojaro ehtimolini oshiradi.

Xotira kuni oldidan Prezident Tramp rafiqasi Melaniya bilan Arlington qabristonida bo’lib, askarlar qabrlarini ziyorat qildi.

AQSh rahbari Yaqin Sharqdagi harbiy bazalar himoyasini kuchaytirish uchun mintaqaga qo’shimcha kuch yuborishga qaror qilgan.

“Kerak bo’lsa, albatta qo’shin yuboraman. Eron xavfli davlat va terrorizm homiysi ekan, qo’l qovushtirib o’tirmaymiz”, - deydi prezident.

Strategiyani aniq tushuntirish o’rniga ba’zida prezident tvit yozib qo’yadi xolos

Tramp Pentagon rasmiylari bilan Eron tahdidi haqida maslahatlashgan. Oy boshida AQSh Fors ko’rfaziga samolyot tashuvchi va boshqa turdagi harbiy kemalarini yuborgan edi. Bu qaror Tehron tahdidini bartaraf etishda yordam berayapti, deydi rasmiylar.

Ularga ko’ra, AQSh Tehronni provokatsiya qilayotgani yo’q.

“Hozir e’tiborimiz Eronning xato qilishiga yo’l qo’ymaslikda. Vaziyat eskalatsiya bo’lishini ham, urushni ham istamaymiz”, - deydi Mudofaa vaziri Patrik Shanexen.

Eron ham urush istamaydi, ammo tahlilchilar to’qnashuv ehtimoli haqida ogohlantirmoqda.

“Ikki tomon ham ogohlantirish bilan cheklanyapti. AQSh regionga qo’shin jo’natib, “hujum qilsangiz, javob qaytaramiz” deb Eronga signal yubordi. Tehron ham shunday qilmoqda”, - deydi tadqiqotchi Dalia Dassa.

AQSh Eron bo’yicha 2015-yilda imzolangan xalqaro kelishuvdan chiqqan. Tramp sanksiyalarni tiklash orqali Eronni yadroviy qurollar ishlab chiqarishdan hamda Yaqin Sharqda o’z nufuzini kengaytirishdan to’xtatmoqchi.

“AQSh qo’ygan 13 talab Eronning qo’shnilari bilan va butun dunyo bilan munosabatlariga ta’sir qiladi”, - deydi siyosatshunos Entoni Kordesman.

Eron talablarga bo’ysunmoqchi emas. Prezident Hasan Ruhoniy muzokarani rad etib, AQShga bo’yin egmaymiz, deydi.

AQSh qo’ygan 13 talab Eronning qo’shnilari bilan va butun dunyo bilan munosabatlariga ta’sir qiladi

Endi nima bo’lishi noaniq. Tramp omma oldida ko’krak kersa-da, yangi urushlar boshlamaslikka ham va’da bergan. Ammo uning ayrim maslahatchilari urush nog’orasini chalmoqda.

“Noaniqlik, AQShning maqsadlari mavhum ekani muvaffaqiyat yo’lini to’sadi, natijadan uzoqlashtiradi”, - deydi tahlilchi Dalia Dassa.

Ayrim qarashlarga ko’ra, noaniqlik Trampning tashqi siyosatiga xos narsa. Uning ma’muriyati allaqanday maqsadlar sari harakat qiladi, lekin ularni tushuntirib berolmaydi.

“Strategiyani aniq tushuntirish o’rniga ba’zida prezident tvit yozib qo’yadi xolos. U nima asosida qaror qilayotganini bilish qiyin”, - deydi Kordesman.

Yaqin Sharqqa qo’shin jo’natilayotgani ayrim kuzatuvchilarni ajablantirdi, chunki Tramp regionda askarlar sonini kamaytirish haqida bong urib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG