Breaking News

Eron to'rt amerikalikni ozod qilgan kuni AQShdan 400 million dollar olgan


Ozod qilingan amerikaliklardan biri jurnalist Jeyson Rizoyan (chapdagi suratda)
Ozod qilingan amerikaliklardan biri jurnalist Jeyson Rizoyan (chapdagi suratda)

AQSh yanvar oyida bir necha o'n yillik qurol savdosiga oid munozarani hal qilish uchun Eronga xorijiy valyutalarda 400 million dollar jo'natgani ma'lum bo'ldi. Shu kuni Tehron to'rt amerikalikni ozod qilgan. Vashington jo'natilgan mablag' amerikaliklarni ozod qilish uchun to'lanmaganini aytmoqda.

AQSh yevro, frank va boshqa valyutalardan iborat pulni yuk samolyotida jo'natgan. U 1979-yil Eron inqilobi yuz berishidan oldin tuzilgan, ammo amalga oshmagan savdo bitimi yuzasidan mavjud kelishmovchilikni hal qilish uchun belgilangan 1,7 milliard dollarlik summaning birinchi qismi ekani aytilmoqda. Eron bilan AQSh dollarida oldi-berdi qilish taqiqlangani bois mablag' xorij valyutalarida jo'natilgan.

Mablag' yetkazilgan kun - 17-yanvar Eron to'rt amerikalikni, jumladan, "Vashington Post" nashrining Tehron bo'limi rahbari Jeyson Rizoyan, sobiq askar Amir Hikmatiy, nasroniy rohib Said Abidin hamda ilgari jamoatchilikka ma'lum bo'lmagan yana bir amerikalik Nusratulloh Xusraviy-Rudsarini ozod qilgan.

Shuningdek, Eronga pul berilishi va amerikaliklarning ozod qilinishi bilan bir paytda yadro dasturi yuzasidan Eron bilan kelishuvga erishilgan hamda iqtisodiy sanksiyalar ko'tarilgan.

O'sha paytda Prezident Barak Obama, "Yadro kelishuvi bajarildi, mahbuslar ozod qilindi, endi bu kelishmovchilikni ham hal qilish vaqti keldi", deb 37 yillik qurol savdosiga oid mojaroga ishora qilgan edi. Ammo Obama Tehronga 400 million dollarlik mablag' berilayotgani haqida aytmagan. Bu ma'lumot ilk bor "Wall Street Journal" nashrining 3-avgust kuni chop etilgan maqolasida oshkor etildi.

Tanqidchilar zudlik bilan Obama ma'muriyatini tanqid qilishga tushdi. Arkanzaslik respublikachi senator Tom Kotton Oq uyni "Eron oyatullolariga hibsdagi AQShliklar uchun 1,7 milliard dollar tovon puli to'layotganlikda" aybladi.

Eron matbuoti to'langan pulning hibsdagilarni ozod etish uchun qabul qilingani haqida rasmiylardan iqtiboslar keltirgan.

Ammo Oq uy so'zlovchisi Josh Ernest "AQSh Eronda adolatsiz hibsga olingan amerikaliklar uchun pul to'lamaganligini va to'lamasligini" aytdi.

Ernestga ko'ra, AQSh savdo bitimi tuzilgan paytda Erondan olingan pulni qaytarib bergan, xolos.

Prezidentlik uchun respublikachi nomzod Donlad Tramp bu ish ortida turganlardan biri sifatida demokrat raqibi, sobiq davlat kotibi Hillari Klintonni aybladi.

"Eronga naqd pulda 400 million dollar to'lash bo'yicha muzokaralarni boshlab bergan odam bizning noqobil davlat kotibimiz Hillari Klinton bo'ladi", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG