Breaking News

AQSh: Iroqdagi barcha siyosiy guruhlar birlashishi kerak


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy bilan, Bag'dod, Iroq, 23-iyun, 2014-yil.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy bilan, Bag'dod, Iroq, 23-iyun, 2014-yil.
AQSh Davlat Kotibi Jon Kerri Iroqqa tashrifi davomida Bag’doddagi shia hukumatni sunniylarni ham o’z ichiga oluvchi yangi boshqaruv tuzishga chaqirdi. Bu mamlakatda o’z ta’sirini kuchaytirib borayotgan sunniy jangarilarga qarshi kurashning eng maqbul yo’li sifatida ko’rilmoqda.
23-iyun kuni Bag’dodda jurnalistlar oldida gapirgan Kerri Iroqning kelajagi yetakchilarning mazhablararo tafovutlardan ko’ra kengroq doirani qamrab oladigan siyosat yuritishiga bog’liq ekanini ta’kidladi.

“Iroqdagi barcha guruhlar – sunniylar, shialar va kurdlarning qonuniy talab va orzu-istaklari hurmat qilingan taqdirdagina Iroq eng kuchli va eng xavfsiz bo’ladi”, - dedi Kerri.

Ammo iroqliklar diniy va etnik tafovutlarni unutib, birlasha oladimi? Ko’pchilik bunga shubha bilan qaraydi. Ayrimlar esa davlatning shia, sunniy va kurdlar tomonidan boshqariluvchi hududlarga bo’linishi tarafdori. Uch, yarim-mustaqil mintaqa. 2006-yilda Oq uy Iroqni ana shu asosda bo’lish taklifini olg’a surgan edi.

Urushda xizmat qilgan va hozirda iste’fodagi polkovnik Piter Mansur fikricha, bu g’oya samara bermaydi. Uning aytishicha, aksar aholi o’zini birinchi navbatda Iroq fuqarosi deb biladi. Iroqlik degan tushuncha chuqur ildiz otgan.

“Iroqliklarning 40 foizi sunniy-shia qorishmasi. Shunday ekan, mazhablararo ziddiyatlarni u qadar katta deb bo’lmaydi. Bu Iroqdagi siyosiy yetakchilarning o’ylab topgan gapi, ular bu vaziyatdan o’z maqsadlari yo’lida foydalanmoqda”, - deydi keksa harbiy.

Iroq bosh vaziri o’rinbosarining iqtisodiy masalalar bo’yicha sobiq maslahatchisi Mazin al-Eshayker ham siyosatdonlar o’rtasidagi ziddiyat va mamlakatning iqtisodiy jihatdan bo’lingani Iroqning asosiy muammolari ekanini aytadi.

Uning nazarida, agar Iroq hukumati o’tgan o’n yillikda mintaqaviy hamkorlik hamda tashqi investitsiyaning kirib kelishini qo’llab-quvvatlaganida, aholining olti millioni yoki qariyb chorak qismi bugun qashshoqlik darajasida yashamayotgan bo’lardi.

“Iqtisodiy jihatdan o’zimizni ochganimizda, iroqliklar bir-birlari bilan urushmayotgan, aksincha, ishlayotgan bo’lardi. Ishga ega bo’lib, zavodlarda mehnat qilishardi. O’zimizni o’nglab, o’rta qatlamni qayta bunyod etgan bo’lardik. Iroqda, xonimlar va janoblar, o’rta qatlam yo’q”, - deydi sobiq rasmiy.

Eshaykerning aytishicha, iqtisodiy tengsizlik Iroqning barcha din va etnik guruhlari orasida mavjud. Yangi hukumat hamma iroqliklarni o’zida mujassam etishi kerak, deydi u.

Tahlilchilar ham hukumatning biror mazhabga bog’lanib qolmasdan, aksincha butun aholining talab va xohishlarini inobatga olishi kerak degan fikrda.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida Yaqin Sharq bo’limi rahbari Jon Altermenga ko’ra, avvalo, odamlarning ishonchini qozonish kerak.

“Hukumatdagilarning 95 foizi bir tomonda, faqat 5 foizi esa muxolifat. Bu holda koalitsiya tuza olmaysiz. Chunki buni amalga oshirish uchun zarur resurslar yo’q. Muhimi ,odamlarning ishonchini qozonish, ularda “bu hukumatdan o’rin olmagan bo’lsam, keyingisiga kiraman” degan tushuncha bo’lishi kerak”, - deydi u.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashuvda Iroq rahbariyati 1-iyulgacha boshqa siyosiy guruhlarni ham o’z ichiga oluvchi yangi hukumat tuzish harakatlarini boshlashga va’da bergan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG