Amerikaliklarning aksariyati arab dunyosidagi qo’zg'olonlarga nisbatan ijobiy fikrda. Merilend Universiteti qoshidagi xalqaro siyosiy tadqiqotlar markazi olib borgan ommaviy so’rovlar natijasi shundan dalolat bermoqda.
So’rovda ishtirok etganlarning ko’pchiligi bu mamlakatlarda demokratiya shakllanar degan umidda, hatto hokimiyatga AQShga xayrixoh bo’lmagan kuchlar kelgan taqdirda ham.
Arab dunyosida islomiy guruhlar hokimiyatni qo’lga olishga intilayapti degan xavotirlar ham mavjud. Lekin aksariyat amerikaliklar nazarida oddiy xalq faqat erkinlik va demokratiya talab qilayapti.
Yetakchi tadqiqotchi Sibli Tilamiyning aytishicha, amerikaliklarning qariyb 57 foizi arab dunyosidagi demokratik harakatlarni quvvatlaydi.
Odatda kim hukumatda bo’lsa ham AQSh tarafida bo’lsin degan qarash hukmron edi, deydi olim, lekin bugunga kelib bu munosabat o’zgargan.
Sibli Tilamiy tahlilicha, so’nggi oylar ichida amerikaliklarning arab jamiyatlariga nisbatan fikri ijobiy tomonga o’zgargan.
"Masalan, Misrdagi jarayonlar. Amerikaliklarning 70 foizi bu xalq erkinlik sari qadam tashlayapti deya xursand. Odatda Misrda hukumat yangilansa, ommadan AQShning yaqin ittifoqchisi Isroil xavf ostida qoladi degan fikrni eshitar edingiz",- deydi olim.
Amerikaliklar arab dunyosidagi o’zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatsa-da, Liviyada olib borilayotgan havo hujumlariga ko’pchilik qarshi. Shuningek, ular AQSh hukumati Liviyada isyonchilarga qurol-aslaha bermasligi kerak deydi.
Amerikaliklar demokratiya tinch yo’l bilan targ’ib qilinishi kerak deb chiqmoqda, deydi tadqiqotlarga boshchilik qilgan Stiven Kall.
"Shunisi aniqki, amerikaliklar “hukumatimiz demokratiya deb bosim o’tkazmasin, lekin turli xalqlar erkinlik istab ko’chaga chiqsa, quvvatlasin” deydi".