29-sentabrdan binoan AQSh “Islomiy davlat” (ID) rahbarlari va qudratli a’zolari hamda boshqa xorijiy terror guruhlari jangarilariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar joriy etdi.
Moliya vazirligi va Davlat departamenti jami 30 shaxs va guruhni, Obama ma’muriyati so'zi bilan aytganda, “siquvga oladi” va ularning global moliyaviy tizimdan foydalanish imkoniyatlarini keskin cheklaydi.
Bu AQShning ID moliyaviy tayanchini kesishga qaratilgan eng jiddiy chorasi.
Turli davlatlar fuqarolari
Moliya vazirligi IDning 15 a’zosi, shu jumladan ularga yordam bergan shaxslarga nisbatan sanksiya joriy qildi. Maqsad – guruh moliyalariga “hujum qilish” va rahbarlar hamda ko’maklashuvchilarining xalqaro moliyaviy tizimdan foydalanishiga chek qo'yish. Bunday chora Prezident Barak Obamaning “Islomiy davlat”ni yo’q qilishga qaratilgan strategiyasining bir qismi.
"Moliya vazirligi ID moliyaviy qudratini tugatish uchun tinmay harakat qilmoqda va bu guruhning xalqaro moliyaviy tizim bilan aloqalarini yo’q qiladi”, - deydi Moliya vazirining terrorchilik va moliyaviy razvedka bo’yicha muovini Adam Szubin.
Moliya vazirligi IDning Afg’oniston, Pokiston, Liviya, Yaman va Tunisda faoliyat yuritadigan a’zolariga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Suriyaga oid qora ro’yxatga tushganlar orasida Britaniya fuqarosi Aqsa Mahmud bor. U shu yil boshida uch britaniyalik o’quvchi qizni Britaniyadan qochib, ID jangarilariga xotin bo’lishga undagan.
Moliya vazirligining ilgarigi qora ro’yxatiga IDning to’rt jangarisi kiritilgan edi. Ulardan biri bir necha oy muqaddam dronlar hujumida halok bo’lgan.
Neftdan olinayotgan daromad
Ayni vaqtda Davlat departamenti IDga aloqador 10 shaxs va guruhni qo’ra ro’yxatga kiritdi. Ular orasida IDning Jazoir, Indoneziya, Misrning Sinay yarimoroli va Rossiyaning Kavkaz mintaqasida faol guruhlar bor. AQSh dronlari hujumida halok bo’lgan ID jangarisi bevasi, britaniyalik Salli Jons ham terrorchi deb belgilangan.
“Davlat departamenti va Moliya vazirligining bugungi qarori xalqaro hamjamiyat oldidagi xorijiy terrorchilar tahdidi naqadar jiddiy ekanidan dalolat beradi. Qo’shma Shtatlar o’z hamkorlari va ko’p tomonlama tashkilotlar bilan birgalikda IDning zulm va zo’ravonligiga qarshi sanksiyalarni qo’llashda davom etadi”, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Obama ma’muriyatining yuqori martabali rasmiysining bugun jurnalistlarga aytishicha, qo’ra qo’yxatga kirganlarning turli mamlakatlar fuqarolari ekani ID xavfi global ekanidan darak beradi.
Rasmiyga ko’ra, ID neft savdosidan yiliga yarim milliard dollar, ya’ni kuniga 1,4 million dollar daromad olmoqda.
Bugungi qaror e’lon qilinganida Prezident Obama va dunyo davlatlarining boshqa rahbarlari Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasi yig’ini chog’ida ID tahdidini muhokama qilish uchun yig’ildi. Sammit Obamaning ekstremizmga qarshi kurashi doirasida o’tkazildi.