AQSh boshchiligidagi koalitsiya yakshanbaga o'tar kechasi Suriya va Iroqda "Islomiy davlat" manzillarini o'nlab marotaba bombardimon qilgan. Turkiya hukumati chegaradagi bu olishivlardan xavotirda. Biror tahdid bo'lsa, Anqara javob qaytarishga tayyor.
AQSh Senati Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Bob Korkerning aytishicha, bu havo hujumlari davomli kampaniyaning bir qismi:
Turkiya bilan Suriyada harbiy parvozlar taqiqlangan hudud o'rnatish masalasida hali kelishib ulgurmadik, deydi senator. Suriyada murosaga moyil isyonchilarni mashqdan o'tkazib qurollantirish ham silliq kechayotgani yo'q. Hali biror yangi strategiya bilan chiqqanimiz yo'q, deydi u.
Turkiya matbuotining yoritishicha, Anqara chegarada eniga 100 kilometrga cho'zilgan, 30 kilometrga kirgan bufer zona yaratishi mumkin. Turkiya Amerika va ittifoqchilarni Suriya shimolida parvozlar taqiqlangan xavfsiz joy ajratishga undayapti. Bu hududda Turkiyaga bosh olib ketgan millionlab qochqinlar jon saqlashi mumkin. Qochqinlar Anqaraga bir necha milliard dollarga tushayapti.
Bu orada, Suriyada kurdlar "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda hal qiluvchi rol o'ynar ekan, Turkiya rahbariyati chegarada kurd davlati yaralishiga yo'l qo'ymoqchi emas.
Aytish kerak, suriyalik kurd jangchilari tobora ildamlab "Islomiy davlat"ni chekinishga majbur qilayapti. Xususan, ular jangarilar o'z xalifaligi uchun poytaxt deb e'lon qilgan Raqqaga yaqinlashmoqda. Raqqa ahli "Islomiy davlat"dan qattiq jabr ko'rayotganini aytib shikoyat qiladi.
Turkiya esa ham suriyalik kurdlar, ham "Islomiy davlat"dan hayiqadi. Shu bois Suriya bilan chegarada askarlari sonini oshirgan. Anqara, xususan, o'z xavfsizligiga tahdid tug'ilsa, darhol javob qaytarishga tayyor. Turkiya o'z xavotirini Vashingtonga yetkazgan. Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, Amerika xavotirni tushunadi.
"Islomiy davlat" butun mintaqaning tinchini buzdi. Biz Turkiya va koalitsiyadagi ittifoqchilar bilan bu to'dani yengish yo'llarini muhokama qilishda davom etamiz. Murakkab masala bu. Koalitsiyadagi davlatlarning birday yordami kerak bo'ladi. Faqat Turkiya yoki Iroqning muammosi emas, xalqaro muammodir", - deydi Kirbi.
Tahlilchi Stiven Zuns nazarida Amerika boshliq koalitsiya hujumga zo'r bergani Turkiyaning shikoyati bilan bog'liq bo'lishi mumkin.
Uning aytishicha, harbiy kampaniya "Islomiy davlat"ga qo'l kelishi mumkin. Mintaqada tashqi kuchlar, ayniqsa, G'arb bosqiniga qarshi kayfiyat, shuningdek, Usmoniylar imperiyasining merosxo'ri Turkiyaga qarshi g'azabni jangarilar o'z foydasiga qo'llashi ehtimoldan xoli emas, deydi olim.
Turkiya harbiylari, xususan, shu hafta Anqarada majlis qilib, Suriyaga nisbatan harbiy chora ehtimolini muhokama qilmoqchi.