Breaking News

Jimmi Karter 90 yoshida ham tinchlik uchun kurashda faol


Jimmi Karter AQShda 1977-1981 yillar orasida prezidentlik qilgan
Jimmi Karter AQShda 1977-1981 yillar orasida prezidentlik qilgan

AQSh sobiq prezidentlari orasida eng uzoq umr ko’rgan arbob – Jimmi Karter. 1981-yilda u Oq uydagi xizmatini tugatganidan so’ng jamoat ishlarida jo’shqin faoliyat olib borishda davom etdi.

2002-yilda Tinchlik uchun Nobel mukofotini olgan Karter rafiqasi Rozalin bilan birga o’z nomi bilan atalgan tahlil markazini boshqaradi, dunyo kezadi, davlatlar o’rtasidagi mojarolarni hal etishga harakat qiladi, qashshoqlik va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashadi. 1-oktabr kuni sobiq Prezident Jimmi Karter 90 yoshga to’ldi. Shu munosabat bilan u “Amerika Ovozi”ga intervyu berdi.

Sobiq rahbarlar orasida Jimmi Karter ajralib turadi, deydi sobiq vitse-prezident Uolter Mondeyl.

“E’tibor, mas’uliyat degan xislatlar kuchli unda. Bir masalaga qiziqsa, tagiga yetmaguncha qo’ymaydi. Buni kuzatish ham maroqli”.

Jimmi Karter Atlanta shahrida joylashgan Karter tahlil markazini boshqaradi. Bu nodavlat tashkilot butun dunyoda tinchlik uchun faoliyat yuritadi, kasalliklarga qarshi kurashadi, odamlarga umid baxsh etadi. Sobiq prezident bilan 68 yil avval turmush qurgan Rozalin Karterning siyosiy va gumanitar faoliyatida maslakdosh.

“U buyuk prezident bo’lgan. Odamlar buni tushunadi. Hozirgilar uni buyuk prezidentlardan biri bo’lgan deyishadi, ammo u o’z zamonasining odamlari uchun ham buyuk bo’lgan,” - deydi Rozalin Karter.

Darhaqiqat, prezidentlik davrida Jimmi Karter Xitoy bilan aloqalarni yaxshiladi, Panama kanalini Panamaga qaytardi, Misr va Isroil o’rtasidagi Kemp-Deyvid sulhiga vositachilik qildi. Ammo 70-yillar oxirida AQShda iqtisodiy ahvolning og’irlashganini, Eronda amerikaliklarning garovga olinganini odamlar ko’proq eslaydi.

“Uning prezidentlik davrini zo’r deb bo’lmaydi, albatta. Ammo bu faqat uning aybi emas. Karter ko’p muammolarni oldingi rahbarlardan meros qilib olgan. Shuni inobatga olish kerak. Menimcha, buyuk sobiq prezident deb atalishda ham gap ko’p, bundan uyalishga hojat yo’q,” - fikr bildiradi Emori universiteti professori Jo Krespino.

Uning aytishicha, “buyuk sobiq prezidentlik”ka yo’lni Karter 1980-yil oxirida saylovda yutqazganidan so’ng boshlagan.

Mag’lubiyatidan so’ng Karter boshqa sobiq rahbarlar kabi oddiy prezident kutubxonasi va muzeyi emas, balki mojarolar yechimi bilan shug’ullanadigan markaz ochmoqchi bo’ldi.

“Asosiy tamoyil shundan iboratki, biz boshqalarning ishiga taqlid qilmaymiz, e’tibordan chetda qolgan mojarolar bilan shug’ullandik. So’nggi 30 yil davomida xalqaro siyosat, qashshoqlikni kamaytirish va demokratiyani targ’ib etish kabi ko’plab sohalarda hech kim qilmagan ishlarni bajardik, hech kim erishmagan yutuqlarga erishdik,” - deydi Jimmi Karter.

U rahbarlik qilayotgan Karter markazi xodimlari 90 dan ziyod saylovlarni kuzatdi, yuqumli kasalliklarga chalinganlarni davoladi, hozirda esa asosan Afrikada uchraydigan drakunkulyoz - xavfli gijja turini batamom yo’q qilish arafasida.

Professor Krespinoga ko’ra, Karter o’zining mojarolardagi vositachiligi uchun obro’ qozongan bo’lsa-da, uni tanqid qiladiganlar ham topiladi.

“Uni dunyo rahbarlari bilan muloqot qilgani uchun tanqid qilishadi. U istagan odam oldiga borib gaplasha oladi va uni doim shuning uchun tanqid qilishadi. Karter murakkab muammolarni muhokama qilish uchun odamlarni bir-biriga qovushtirishni o’z burchi deb biladi,” - deydi Krespino.

AQSh rahbariyatining Shimoliy Koreya bilan muzokara olib bormaslik qarori hozirda Jimmi Karterni qiynayotgan masalalardan biri. Shimoliy Koreyaga bir necha marta safar qilgan sobiq prezident u yerda hibsda saqlanayotgan amerikaliklarni ozod etish uchun yana borish istagida. Ammo buning uchun hali ruxsat olgani yo’q.

“AQSh hukumati meni rasmiy vakil sifatida yubormasa, uning nomidan gapira olmasam, borishimga hojat yo’q. Bor haqiqat shu,” - deydi Jimmi Karter.

90 ga chiqqan sobiq prezident har doimgidek faol. Karter markazi rahbari sifatida dunyo bo’ylab safar qilmayotgan bo’lsa, uni rasm chizayotganini ko’rasiz. Jimmi Karter nafaqat rassom, balki yozuvchi hamdir. Hozirda 29-kitobi ustida ishlamoqda.

“Juda qiziqarli, murakkab, kutilmagan, sarguzashtlarga to’la hayot kechirdim. Buning uchun juda minnatdorman,” - deydi u.

Karter qanday prezident bo'lgan? Carter Legacy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:35 0:00

Karter prezidentligi haqida kitob va spektakl - Thirteen Days in September
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:25 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG