Breaking News

Qirg'izistonliklar: AQSh bilan yaqin hamkorlik davom etishi kerak


Markaziy Osiyo ahli Amerika Qo’shma Shtatlarida boshlanayotgan prezident saylovlariga befarq emas. Odamlar mintaqa mamlakatlari va AQSh hamkorligini qanday baholaydi? Omma Vashingtonning yangi ma’muriyatidan nimalar kutadi? Prezidentlikka nomzodlar kurashi haqida qanday fikrlar mavjud?

“Amerika ovozi” Qirg’iziston ahli vakillari bilan suhbatda bo’ldi.

Rasima O’sh shahri maktablaridan birida xat yurituvchi bo’lib ishlaydi.

“Amerikaning yangi rahbariyatidan faqat bir narsani istayman - Rossiya va boshqa mamlakatlarni tinch qo’yishsa bas, har kim o’z bilganicha yashasin”, - deydi u.

Rasima Hillari Klinton tarafdori. Uningcha, ayol kishi sabr-bardosh, mehr-oqibat bilan ish ko’radi. Suhbatdosh fikricha, Klinton xonim amalga kelsa, AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Qirg’iziston munosabatlari ham ancha iliqlashadi.

Qirg’iziston Xalq assambleyasining viloyat bo’limi xodimi Po’lat Sobirov istiqlol yillari davomida AQSh Qirg’izistonga sezilarli ko’mak ko’rsatib kelayotganini aytadi. Amerikaning moliyaviy yordamida qator ijtimoiy-madaniy loyihalar amalga oshirildi.

“Demokratiya masalalarida biz Amerikadan ko’p narsa o’rganishimiz mumkin va lozim. Ammo bunday taraqqiy etgan mamlakatda ham saylovda ma’muriy resurs va soxta ovozlar qo’llanishini matbuotdan eshitib, hayron qoldim”, - deydi suhbatdosh.

“Poygada qaysi nomzod g’olib chiqmasin, biz yangi rahbariyat bilan yaxshi muloqotda bo’lishimiz kerak. Klinton keladimi, Trampmi - tinchlikka, xalqlar do’stligiga, hamkorlikka xizmat qilsa bas”, - deydi Po’lat Sobirov.

Taniqli qirg’iz siyosatshunosi, O’sh Davlat universiteti professori Arab Anarbayev nazarida, ayol saylovchilarning ko’pchiligi Hillari Klintonni qo’llab-quvvatlaydi.

Uningcha, yangi ma’muriyat Rossiyaga nisbatan, qolaversa, Yevropa yo’nalishida ham Vashington siyosatini qayta ko’rib chiqishi darkor. Rossiya bilan munosabatlar iliqlashuvidan Markaziy Osiyo o’lkalari ham manfaatdor, deydi professor.

Suhbatdoshlarning ta'kidlashicha, mintaqa o’lkalari uchun bir yo’nalishli emas, ko’p vektorli tashqi siyosat afzal. Rivojlanayotgan mamlakatlar buyuk davlatlar qaramog’iga tushmay, o’z imkoniyatlariga tayanishlari - mustaqillikning muhim omili.

Kuzatuvchilarga ko’ra, ko’p yillik mafkuraviy-siyosiy qarama-qarshiliklar oqibatida aksar sobiq Sovet respublikalari, jumladan, Markaziy Osiyo ommasi fikrida AQSh siyosatiga nisbatan salbiy munosabat - hadik, ishonqiramaslik - shakllangan. Ushbu munosabat yaqin orada, aytaylik, yangi rahbariyat faoliyati davomida o’zgarishi mumkinmi va buning uchun nima qilmoq lozim?

“Mumkin, - deydi professor Anarbayev. - Odamlar biz eshitib-uqib yurgan Amerika aslida boshqacharoq ekanini anglayapti. Qolaversa, Amerika ham dunyoda kechayotgan jarayonlardan saboq olayapti, o’zgarayapti. Sayyoramizning ko’p mamlakatlari Amerikaga yaxshi nazar, yaxshi umidlar bilan qaray boshladi”.

XS
SM
MD
LG