2015-yil AQSh-Qirg'iziston munosabatlarida o’ziga xos sinov davri bo’ldi. AQSh Davlat departamentining umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovni mukofotlash qaroridan norozi Bishkek Amerika tashkilotlari uchun respublikada afzalliklarni ko’zda tutuvchi shartnomani bekor qildi.
Vashingtonga ko'ra esa hamkorlik ko’lami pasaymaydi. Qirg’izistonga tashrif buyurgan AQSh rasmiylari fan, maorif, madaniyat yo’nalishlarida o’zaro aloqalarni rivojlantirish tashabbuslari bilan chiqdi.
“Bishkek Qo’shma Shtatlar tashkilotlariga yengillik beruvchi shartnomani bekor qildi. Oqibatda AQSh tomoni Qirg’izistonda amalga oshirayotgan qator loyihalar oqsay boshladi. Aslida tomonlar munosabatlari bir yil muqaddam, “Manas” aeroportida Amerika harbiy havo bazasi faoliyatiga chek qo’yilgandan so’ng o’zgara boshlagan edi”, - deydi Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya akademiyasining dosenti Japar Birimqulov.
Yilning ikkinchi yarmida AQShning Qirg’izistondagi elchisi yangilandi. Shila Gvoltni uzoq muhokama ketidan elchi etib tayinlandi.
Mahalliy tahlilchilar nazarida o’zaro aloqalarni yo’lga solishda Vashington faollik ko’rsatmoqda. Davlat departamentining mansabdor vakillari yil davomida bir necha bor Bishkekda bo’ldi, Davlat kotibi muovini Nisha Bisvol ikki bor tashrif buyurdi.
Kuzda Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyo mamlakatlari bo’ylab safar qilar ekan, Qirg’iziston poytaxtida qator tadbirlarda qatnashdi.
Mutaxassislar ayniqsa gumanitar sohalar, fan, maorif, madaniyat yo’nalishlarida aloqalar ufqlari kengligini aytadi.
2015-yil AQSh Davlat departamentining Ta’lim va madaniyat dasturlari byurosi Elchilik jamg’armasiga kelib tushgan takliflar orasida Qirg’izistonning O’zgan shahridagi XI-XII asrlarga oid obidalarni ta’mirlash loyihasini ham olqishladi va tegishli mablag’ ajratishga qaror qildi.
Kerakli mablag’ning bir qismi Qirg’iziston Madaniyat, axborot va turizm vazirligi tomonidan beriladi.
“Ko’zda tutilgan asosiy ishlar 2016-yilda boshlanadi va tarixiy merosni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish yo’lida katta hissa bo’ladi”, - deydi O’zgan shahridagi arxeologik muzey-majmua direktori Avazbek Tursunboyev.
Kuzda Amerika Markaziy Osiyo o’lkalari, jumladan, Qirg’izistonga turli sohalarda yordam ko’rsatishni maqsad qilgan yangi dasturlarni e’lon qildi.
Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya akademiyasining dosenti Japar Birimqulov mustaqillik yillari Qirg’izistonda ikki mamlakat aloqalarini taraqqiy ettirish uchun yaxshi poydevor paydo bo’ldi, deb hisoblaydi. Uningcha, o’zaro manfaatlar tomonlarni foydali amallarga chorlaydi.