Breaking News

O'zbekistonda majburiy mehnat bobida sezilarli o'zgarish yo'q


AQSh Mehnat vazirligi har yili dunyo bo'ylab bu masalaga e'tibor qanday ekani haqida hisobot chiqaradi va Kongress a'zolariga uzatadi
AQSh Mehnat vazirligi har yili dunyo bo'ylab bu masalaga e'tibor qanday ekani haqida hisobot chiqaradi va Kongress a'zolariga uzatadi

2013-yilda O'zbekistondda bolalar mehnatiga chek qo'yishda sezilarli qadamlar tashlanmagan, deya bildirmoqda AQSh Mehnat vazirligi.

Vazirlik har yili dunyo bo'ylab bu masalaga e'tibor qanday ekani haqida hisobot chiqaradi va Kongress a'zolariga uzatadi. Shuningdek, Oq uy, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va boshqa organlar bu tahlilnomadan tegishli xulosa chiqarib, o'z ishida unga asoslanishi kutiladi.

Hisobotga ko'ra, jahonda bugun 168 million bola ekspluatatsiya qilinadi va ko'plab hukumatlar bu masalaga jiddiy ahamiyat qaratmaydi. Bolalar mehnatini taqiqlovchi qonunlar mavjud bo'lgani bilan ularga amal qilinmaydi.

1993-yildan beri AQSh Mehnat vazirligi bu muammoga qarshi 275 loyiha olib borgan. Ular natijasida bolalarni zo'rlab ishlatish, ulardan bepul yoki arzon ish kuchi sifatida foydalanish kamaygan, biroq hamon millionlab yosh bolalar konlarda, bozorlarda, zavod va fabrikalarda, mayda korxonalarda, shuningdek, fermer xo'jaliklarida, bog'lar, poliz va ekinzorlarda mehnat qiladi, deydi vazir Tomas Perez hisobotni taqdim etar ekan. Proyektlar davom etadi va yangilari uchun 7 million dollar ajratiladi.

O'zbekistonda bolalar mehnati man etilgan, biroq amalda bunday emas. Milliy siyosatda o'zgarish yo'q, chunki davlat rejasini bajarish uchun mahalliy mutasaddilar va paxtakorlar hamon katta yoshdagilar va bolalarni dalaga olib chiqadi. Bu - vazirlikning o'tgan yilgi terim yuzasidan qilayotgan xulosasi. Bu yilgisi haqida hozircha biror izoh yo'q.

2013-yilda Xalqaro mehnat tashkiloti terimni monitoring qilgan va bolalar sistematik tarzda va yoppasiga ishlatilmadi, deya hisobot bergan. Tashkilot bu yilgi paxta kampaniyasini kuzatmayapti.

Hukumat 15 yoshgacha bo'lganlarni paxtaga olib chiqmadi, biroq 15-17 yosh orasidagilar majburiy mehnatga jalb etildi, deyiladi Mehnat vazirligi tahlilnomasida.

O'zbekiston hukumatiga ko'ra, o'tgan yillar mobaynida o'quvchilarning paxta terimiga chiqishi cheklandi, hozirda kollej talabalari va davlat organlari xizmatchilari hasharga chiqadi, xolos. Huquq himoyachilari esa bu yolg'on deydi. O'quvchilar ham, talabalar ham, ularning o'qituvchilari ham, qolaversa, boshqa ko'plab sohalarning xodimlari dalada.

Vashington, O'zbekiston bilan serqirra hamkorlikka intilib kelayotganini qayd etib, vaziyatni yaxshilash uchun quyidagilarni tavsiya qiladi:

- 18 yoshgacha bo'lganlarni paxta terimiga olib chiqilmasligini ta'minlang. Qonunlarga qattiq amal qilinsin.

- Majburiy mehnatga jalb etilgan bolalar yuzlashayotgan xavfning oldini oling; ko'rilgan zarar qoplansin va muammolar taftish qilinsin, javobgarlar adolat oldida javob bersin.

- Mamlakat bo'ylab paxta terimini monitoring qiluvchi va xolis axborot beruvchi tizim joriy eting, toki qonunlar buzilgani yuzasidan aniq dalil-isbotlar yig'ilsin.

- Xalqaro mehnat tashkiloti bilan yaqindan va sidqidildan hamkorlik qiling. U bergan tavsiyalarga jiddiy e'tibor qaratib, ularni amalga oshiring.

- Ta'lim muassasalari, mahalliy hokimiyatlar va boshqa tegishli organlardan paxtaga kim va nima uchun olib chiqilayotgani haqida aniq va haqqoniy hisobotlar talab qiling.

- O'quv maskanlarini yopib, hammani yoppasiga dalaga haydagan mutasaddilar nima uchun bu yo'ldan borayotganini tekshiring. Buyruq qayerdan berilmoqda va nimaga asoslanib?

- 18 yoshgacha bo'lganlar terimga chiqmasligini ta'minlovchi siyosiy qarorlar qabul qiling.

- O'z qarorlaringiz, mahalliy hokimiyatlar bilan aloqa va tegishli hujjatlar omma e'tiboriga havola etilsin. Oshkoralikka intiling.

- Bolalar mehnati yuzasidan muntazam tekshiruv olib boring. Ta'lim va oila bilan bog'liq muammolarga diqqat qarating.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG