AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, AQSh Venesuela bilan mavjud tafovutlarni bartaraf etish uchun birga ishlashga tayyor.
"So'nggi yillarda davlatlarimiz orasida aloqalar taranglashgani sir emas", - dedi Kerri Amerika mintaqasi bo'yicha o'tgan Vashington konferensiyasida.
Uning aytishicha, AQSh demokratiyani kuchaytirish va inson huquqlarini qadrlash kabi umumiy maqsadlar asosida Lotin Amerikasi bilan yangi hamkorlik o'rnatishga tayyor.
AQSh va Venesuela so'nggi paytlarda bir qator masalalarda o'zaro kelisha olmayotgan edi. Mart oyida Vashington Venesuelani xavfsizlik uchun tahdid deya e'lon qilib, mamlakatning yetti rasmiysiga jazo choralarini joriy etdi.
AQShga ko'ra, Venesuelaning bu rasmiylari inson huquqlarini buzish va korrupsiyaga aloqador bo'lgan. Venesuala Prezidenti Nikolas Maduro AQShning bu qaroridan g'azablangan.
AQSh Davlat departamentining 2014-yilgi hisobotida ham Venesuelaning Janubiy Amerikadan giyohvand moddalar tashiladigan eng katta yo'lak ekani aytiladi.
Venesuela AQShni neft bilan ta'minlovchi asosiy tashqi davlatlardan biri sanalsa-da, ikki mamlakat 2010-yildan beri o'zaro elchi almashmagan.
Kerrining aytishicha, Panamada o'tgan Amerika sammitida Prezident Barak Obama Venesuela rahbari Nikolas Maduro bilan qisqa muloqot qilgan. Shuningdek, yaqinda Venesuela hukumati taklifi bilan AQSh Davlat departamenti rasmiylari Karakasga tashrif buyurgan.
Vashingtondagi ikki kunlik sammit Panamada o'tgan Amerika mintaqasi sammiti ortidan tashkil etildi. AQSh-Kuba aloqalarining iliqlashishi istiqboli Panama anjumani diqqatidagi asosiy masala bo'ldi.
Kerrining aytishicha, Gavana bilan aloqalarni yaxshilash AQSh va Kuba xalqi manfaatlariga birdek xizmat qiladi.