Yaqinda o’tkazilgan bir izlanish natijasiga ko’ra, AQShda umr ko’rish davomiyligi tushgan. Bu holat so’nggi uch yildan beri kuzatilmoqda. 2014-yilgacha esa amerikaliklarning umr ko’rish davomiyligi salkam 60 yil davomida o’sib borgan.
Amerikaliklar orasida umr ko’rish davomiyligining tushishi 24 yoshdan 65 yoshgacha bo’lgan ishchilar orasida o’lim sur’atining oshishi bilan bog’liq, deydi hisobot hammualliflaridan biri Stiven Vulf.
“O’lim hollariga esa, asosan, dorini dozadan oshirib yuborish sabab bo’lmoqda. Eng dolzarb muammo bu hozir”, - deydi Virjiniya hamjamiyati universitetining tibbiyot fakultetidan doktor Vulf.
AQSh Yuqumli kasalliklar profilaktika markaziga ko’ra, 2017-yilda har kuni mamlakatda 130 ta amerikalik opioidlarni belgilangan dozadan oshirib iste’mol qilishi natijasida o’lgan. Umr ko’rish davomiyligining qisqarganiga boshqa kasalliklar ham sabab.
“Alkogolizm, o’z joniga qasd qilish, o’pka va yurak kasalliklari, qand kasali - jami 35 ta omil o’lim hollariga sabab bo’lgani aniqlandi”, - deydi Vulf.
Qarish jarayonini o’rganuvchi milliy institut mutaxassisi Jon Xaaga buni mislsiz jarayon, deydi.
“Aholishunoslarning sochi tikka bo’lgan. Bu o’ta jiddiy holat. Amerikada umr ko’rish davomiyligi eng so’nggi bor SPID epidemiyasining ilk yillarida tushgan edi. Undan oldin esa Birinchi jahon urushidan keyin dunyoni qamrab olgan gripp epidemiyasi paytida”, - deydi u.
Biroq mutaxassis nazarida, bu jarayon anchadan beri shakllanib kelgan.
“Bu uzoq vaqtdan beri davom etmoqda. AQSh o’nlab yillar davomida sog’liqni saqlash holatining ushbu bevosita va ko’zga tashlanadigan ko’rsatkichlari bo’yicha o’lim darajasini tushirishda boshqa mamlakatlardan ortda qolmoqda”, - deydi Xaaga.
Vulfning aytishicha, nafaqat sog’liq bilan bog’liq muammolar alomatini, balki sabablarini ham aniqlab, tuzatish kerak.
“Giyohvandlik, alkogolizm va suiqasd hollariga qarshi siyosat ishlab chiqish bilan birga Amerikada odamlarni bunday xatti-harakatlarga majbur qilayotgan turmush tarzi nimadan iborat ekani haqida o’ylab ko’rishimiz kerak. Odamlarning qanday dardlari borki, og’riq qoldiruvchi dorilarni iste’mol qilishmoqda? Suiqasd hollariga yetaklayotgan umidsizlikka nima sabab bo’lmoqda? Nima uchun qand kasalini nazorat qilish shunchalik yomon yo’lga qo’yilgan?” - deydi u.
Jon Xaaga shunday munosabat bildiradi:
“Sog’liqni saqlashga Yevropaga qaraganda deyarli ikki baravar ko’p pul sarflaymiz. AQShda bu 3,5 trillion dollarlik sanoat. Hech bir mamlakat bunga yaqin ham turmaydi. Profilaktika hamda odamlarning sog’lom bo’lishiga yetaklovchi narsalar – jismoniy tarbiya, to’g’ri ovqatlanish, shifokorga ertaroq murojaat qilish kabilarda oqsaymiz”.
Ushbu tadqiqot natijasi Amerika tibbiy uyushmasi jurnalida chop etildi.
Facebook Forum