Breaking News

Nega amerikaliklar nafaqa davridan xavotirlanishadi?


AQSh iqtisodiyoti bir maromda o’sayotgan bo’lsa-da, ko’plab amerikaliklar pensiya haqida o’ylasa ularni xavotir bosadi. Ijtimoiy so’rovlarda ularning 46 foizi nafaqaga chiqqanda pul yetishmasligini aytgan.

Bu ko’rsatkich 2008-yildagi iqtisodiy inqiroz ortidan yanada yuqoriroq edi. 2002-yilda amerikaliklarning 32 foizi, 2004-yilda esa 36 foizi pensiya haqida qayg’urishini bildirgan. Xususan, tibbiy zaruriyatlarni qanday qoplash ko’pchilikni o’ylantiradigan masala.

Ayni paytda Amerikada Ikkinchi jahon urushidan keyin tug’ilgan avlod pensiyaga chiqmoqda. 1945-1964-yillar oralig’ida tug’ilganlar aholining 25 foizi, ya’ni 75 millionni tashkil etadi. Ular nafaqaga chiqishi soliq to’laydigan fuqarolar soni kamayishiga olib keladi.

Pensiyaga aloqador yana bir muammo – odamlar uzoq umr kechirayotgani. AQSh hukumatiga ko’ra, o’rtacha fuqaro nafaqa davrida yana 20 yillar yashaydi.

Amerikaliklarga nafaqa puli bir necha manbalardan keladi: ish joyi taklif etadigan pensiya planlari, jamg’arilgan pullar va sarmoyalar, shuningdek, ijtimoiy xavfsizlik (Social Security) pensiya tizimi.

Nafaqaga chiqib bo’lganlar esa bu masalaga ancha optimistik ruhda qaraydi. “Gallup” markaziga ko’ra, 2005-2018 yillar oralig’ida so’rovlarda qatnashgan nafaqaxo’rlarning 72-79 foizi yetarli mablag’ bilan qarilik gashtini surayotganini e’tirof etgan.

Bunday nomutanosiblikning sabablari quyidagicha:

“Hozirgi nafaqaxo’rlar hali ishlab yurganlarga qaraganda pensiyaga ega bo’lishi ehtimoli yuqoriroq. Hozir nafaqa olayotganlar ko’proq jamg’arib ulgurgan bo’lishi, ijtimoiy himoya imtiyozlari ular uchun ko’proq bo’lishi ham mumkin”, deyiladi “Gallup” tahlilnomasida.

Amerikaliklar nafaqaga chiqqanidan so’ng sarf-xarajatlar borasida ancha tejamkor yoki boriga qanoat qiladigan bo’lib qolishadi. Nafaqaga chiqmaganlarga esa ijtimoiy ta’minot tizimi yemirilib ketayotganday tuyulishi, natijada ular pensiyadan quruq qolishi, iqtisodiyot o’sib borishiga ishonmasligi, hamda “amerikaliklar tejashni bilmaydi” degan xitoblardan cho’chiyotgan bo’lishi ham mumkin.

2016-yilgi so’rovnomada 66 million amerikalik favqulodda holatlar uchun bir tiyin ham g’amlab qo’ymaganini aytgan.

Aytish joiz, pensiya haqida qayg’urayotganlarning aksariyati yiliga 30 ming dollardan kam daromad qiladi. Yiliga 75 ming dollardan ko’proq topadiganlar esa keksalikda rohat-farog’atda yashashiga ishonadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG